Termiz davlat universitetida yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishning samarali yo‘llari haqida gapirganda, avvalo sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega. Universitetimizda yangi fitnes zal, tennis kort, zamonaviy yugurish yo‘lakchasi, sport majmualarning qurib bitkazib foydalanishga topshirilishi, talabalarimizning ommaviy sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshishiga ishonchim komil.
Bugungi globallashuv davrida yoshlarning sog‘lom, faol va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Chunki kuchli davlatni barpo etish uchun, avvalo, jismonan sog‘lom, ruhiy jihatdan tetik va ma’naviy jihatdan yetuk yoshlar zarur. Sport esa bu jarayonda eng samarali vosita hisoblanadi. Ommaviy sport yoshlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatadi, ularni zararli odatlardan uzoqlashtiradi va jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishlariga turtki beradi. Bugun yurtimizda sportni ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida uni keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Shu bois yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishning samarali yo‘llarini aniqlash nafaqat dolzarb, balki ijtimoiy ahamiyatga ega masala hisoblanadi.
Sport yoshlarning jismoniy barkamolligini, sog‘lig‘ini mustahkamlaydi, ularda iroda, qat’iyat, intizom va jamoaviylik tuyg‘ularini shakllantiradi. Shu sababli, ommaviy sportni rivojlantirish nafaqat sport tizimini, balki jamiyatning ma’naviy va ijtimoiy hayotini ham yaxshilaydi.Ta’lim muassasalarida sport mashg‘ulotlariga kengroq e’tibor qaratish kerak. Oliy o‘quv yurtlarida sport to‘garaklari, musobaqalar, sog‘lomlashtirish tadbirlari muntazam o‘tkazilishi lozim. Bu yoshlarni sportga jalb etadi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga yordam beradi. Sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish muhim. Zamonaviy jamiyatda sport faqat jismoniy faoliyat emas, balki yoshlarning hayot falsafasiga, ijtimoiy faolligiga va milliy g‘ururiga ta’sir etuvchi muhim omilga aylanmoqda. Ommaviy sport yoshlarni ijtimoiy hayotga integratsiya qiladi, ularni sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat, intizom va birdamlik ruhida tarbiyalaydi.
Abdukodir Norboyev,
TerDU o‘qituvchisi

