YANGI DAVR — STRATEGIK SHERIKLIK SARI

Date:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil noyabr oyi boshida Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi xalqaro hamjamiyat e’tiborini o‘ziga qaratdi. Tashrif nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ma’naviy va global xavfsizlik jihatidan ham muhim voqea sifatida tarixga kiradi.Bu safar O‘zbekiston tashqi siyosatining muvozanatli, ochiq va pragmatik yo‘nalishida navbatdagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Prezidentning Vashington okrugiga safari doirasida AQSH Prezidenti Donald Tramp, Kongress a’zolari hamda xalqaro moliyaviy institutlar rahbarlari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zaro strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, xavfsizlik, savdo, ta’lim va texnologiya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH ishtirokida o‘tgan “C5+1” sammiti mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda yangi sahifa ochgan uchrashuv sifatida baholandi.
O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025-yilgi uchrashuv bu jarayonni mustahkamlovchi siyosiy platforma bo‘ldi. Muzokaralar davomida ikki tomonlama investitsiya kelishuvlari, energetika va raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalar, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar imzolandi.
Tashrif doirasida muhokama qilingan eng muhim mavzulardan biri mintaqaviy xavfsizlik va terrorizmga qarshi hamkorlik bo‘ldi. “C5+1” formatidagi sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan birgalikda afg‘on masalasi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik muammolar va yoshlarni ekstremizm g‘oyalaridan asrash borasidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
AQSH tomoni O‘zbekistonning “Ma’naviyat va barqarorlik” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu tashabbus yoshlar ongida vatanparvarlik, tinchlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini kuchaytirishga qaratilgan. Mutaxassislar fikricha, bunday yondashuv Markaziy Osiyoda tinchlikni mustahkamlashga, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyotga zamin yaratadi.
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar kelgusi uch yil davomida 35 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish va uzoq muddatli istiqbolda 100 milliard AQSH dollarlik hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu bitimlar doirasida energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, farmatsevtika va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishlarida bir qator qo‘shma loyihalar boshlanishi kutilmoqda. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi iqtisodiy jozibadorligini oshirish uchun bu tashrif muhim siyosiy signal bo‘ldi. Bundan tashqari, Prezidentimizning AQSHdagi biznes doiralari bilan uchrashuvi chog‘ida bir nechta yirik kompaniyalar — “General Electric”, “ExxonMobil”, “Caterpillar” va “Microsoft” bilan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Bu uchrashuvlar O‘zbekistonga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tashrif davomida ta’lim va ilmiy hamkorlik masalalari ham kun tartibiga kiritildi. O‘zbekiston va AQSH universitetlari o‘rtasida yangi almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yilishi, “Fulbright” va “Global Scholars” kabi grantlar soni ko‘paytirilishi belgilandi. Bu esa O‘zbekistonning boy madaniy merosi va milliy o‘zligini dunyoga targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadamdan biridir. Shu tariqa, diplomatik tashrif siyosiy va iqtisodiy natijalar bilan bir qatorda, madaniy-ma’rifiy hamkorlik uchun ham keng ufqlar ochdi.
Prezidentning tashabbuslari O‘zbekistonning global maydondagi obro‘sini oshirish, xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish va milliy manfaatlarni ilgari surish yo‘lida muhim qadamlardir. Bu tashrif xalqimiz uchun nafaqat siyosiy yutuq, balki ma’naviy iftixor manbayi bo‘lib, Yangi O‘zbekiston konsepsiyasining amaliy ifodasiga aylandi.

Sardorbek Xamrayev,
Farxod Raxmanqulov,
Termiz davlat pedagogika instituti katta o‘qituvchilari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda

Hududlarda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, yangi...

Majolis un-naf(oyi)s

Demak, hazrat Navoiy davrida ham majlislar bo‘lgan. Shundan ruhlanib,...

Siz bahorning o‘zisiz — Ustoz

Men bahor faslini yoqtiraman. Chunki ustozim — yuragimdagi eng...

Majburiyatni bilasizmi?

Ko‘pchilik sog‘lig‘iga faqat kasallik alomatlari sezilganda, e’tibor beradi. Aslida...
KunTun
KunTun