Mamlakatimizda jismoniy tarbiya yo‘nalishidagi kadrlarning malakasini oshirish tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Respublikamiz bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yo‘riqchilari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun bevosita (ishlab chiqarishdan ajralgan holda) malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.
Mazkur kurslar Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda uning filiallari, shuningdek, viloyatlarda olib borilmoqda. Shu doirada Termiz shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida jismoniy tarbiya sohasidagi mutaxassislar uchun malaka oshirish jarayoni boshlandi. Dastlabki haftadan boshlab o‘quv mashg‘ulotlari nazariy va amaliy yo‘nalishlarda olib borildi.
Ma’naviyat va madaniyat – malaka oshirishning ajralmas qismi
Malaka oshirish kurslarida nafaqat kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, balki tinglovchilarning ma’naviy olamini boyitish, ularni milliy qadriyatlar va tarix bilan yaqindan tanishtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda, tinglovchilar uchun Termiz arxeologiya muzeyiga sayohat uyushtirildi. O‘zbekiston davlat sport akademiyasi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali professor-o‘qituvchilari boshchiligida tashkil etilgan mazkur sayohat davomida ishtirokchilar Termizning 2500 yillik tarixiga oid nodir topilmalar, Yunon-Baqtriya va Kushonlar davriga mansub arxeologik ashyolar bilan tanishdilar.
Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar jismoniy tarbiya sohasi mutaxassislarida yurt tarixiga, milliy merosga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi. Zero, barkamol avlodni tarbiyalashda nafaqat tan sog‘lomligi, balki ma’naviy poklik va milliy g‘urur hissi ham muhim o‘rin tutadi.
Tafakkurni kengaytirish maydoni
Jismoniy tarbiya tizimida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida har juma kuni “Kitobxonlik kuni” sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan, Termiz Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining axborot-resurs markazida “Kitobxonlik soati” tashkil etildi. Unda markaz o‘quvchilari hamda malaka oshirish kursi tinglovchilari faol ishtirok etdilar.
Tadbir davomida sport va tarbiya sohasiga oid badiiy hamda ilmiy adabiyotlar muhokama qilinib, mutolaa madaniyatini oshirish, sportchilar orasida fikrlash doirasini kengaytirish, intellektual rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Sog‘lom jamiyat sari…
Joriy yil oktyabr oyida davom etayotgan malaka oshirish kurslari doirasida viloyatning turli ta’lim muassasalarida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar o‘z sohasiga fidoyi, zamonaviy yondashuvga ega, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi pedagoglarni tayyorlashga xizmat qiladi. Mazkur dastur — jismoniy tarbiya tizimida inson kapitalini rivojlantirish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, sog‘lom va jismonan chiniqqan avlodni tarbiyalash borasida muhim qadamlardan biridir.
Sog‘lom tan, sog‘lom fikr — bu har bir millatning kelajagi demakdir. Shu bois, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va yo‘riqchilarining bilim hamda mahoratini oshirish, ularni zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan qurollantirish jamiyat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif BEGIMQULOV,
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali “Sport psixologiyasi, ijtimoiy-gumanitar va tabiiy-ilmiy fanlar” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent