Harflari “majruh”, so‘zlari “nimta”

Date:

Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdim-u bo‘lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.Sevimli shoirim Muhammad Yusufning shu she’rini 5 yoshli o‘g‘limga yodlatayotganimda, o‘g‘limning: “Oyijon, ona tili nima o‘zi? Undan nega kechirim so‘rayapmiz. U ham odammi?!” deb qoldi. To‘g‘risi, avvaliga o‘g‘limning savollariga javob topolmay, kalovlanib qoldim. Kutilmaganda, kutmagan insoningiz tomonidan beriladigan savol kishini biroz shoshirib qo‘yarkan.
— O‘g‘lim, har bir inson dunyoga kelar ekan, uning mehribon ota-onasi bo‘lgani singari, o‘zligini anglatib turuvchi ona tili bo‘ladi. Ana shu ona tilida so‘zlashib, o‘z tilini madh etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar yozadi. Ona tilini mukammal o‘rganadi, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaydi. Uni himoya qiladi. Yashab turgan Vatanini, uyini qanchalik qadrlasa, ona tilini undan ham ko‘proq qadrlaydi. Gard yuqishiga yo‘l qo‘ymaydi…
O‘g‘lim gaplarimdan nimalarnidir tushunganday bosh irg‘ab qo‘ydi. Ammo o‘zim o‘ylanib qoldim. Ona tilimizni qay darajada asrab-avaylayapmiz?! Ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan sof ona tilimizni himoya qila olyapmizmi?! Uning qadriga yetyapmizmi?! Bu savol har birimizning yurak torlarimizni chertib, qalbdan o‘ylashga, fikrlashga undaydi, albatta.
Vatanimiz mustaqillikka erishgach, ona tilimiz o‘zining haqiqiy o‘rni va mavqeyiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi. Shu tariqa, o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.
O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilning beqiyos imkoniyatlari qadimgi toshbitiklarda, xalqimizning zamonlar sinovidan o‘tib kelayotgan maqol va hikmatli so‘zlari, betakror iboralari, dostonlarida, shoir va yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin.
Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” kitobi, Yassaviyning hikmatlari, Navoiyning “Xamsa”si, Boburning “Boburnoma”si, Qodiriyning betakror romanlari, Cho‘lpon, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuflarning o‘tli she’riyati ona tilimizda yozilgan bebaho durdonalardir. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehr-oqibat so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi.
O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. Zero, til — inson qiyofasi va ichki go‘zalligini namoyon etadigan eng go‘zal tuyg‘udir. O‘z tiliga mehr-muhabbatli inson xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlarini, madaniy merosini ham e’zozlaydi. Bundan besh asr ilgari Alisher Navoiy bobomiz “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz” deya bejiz yozmagan. Ammo bugun Alisher Navoiyning bu iboralarini biroz unutgandekmiz. Hamyurtlarimizning savodxonlik masalasiga e’tiborsizlik qilayotgani kishi dilini xira qiladi. Tashkilot, muassasa va korxonalar tomonidan chiqarilayotgan xat-xabarlardagi imlo xatolar ham ularni qiziqtirmaydi go‘yo. Yaqinda bir tashkilot tomonidan o‘tkazilgan tadbirni yoritish uchun qo‘limga press-reliz berishdi. To‘g‘risi, qo‘limga tutqazilgan bir enlik ma’lumotning birgina xatboshidagi xatolarning marjon misoli terilib turganiga (jumlalarga siz ham) bir e’tibor bering: “Tumnamiga amlga ishirilgani ishlor xaqda malumot bersa mutuhasisilar xammasi xaqda xabr beradi”. Nazarimda: “Tumanimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlar xususida mutaxassislar ma’lumot berishadi” demoqchi bo‘lgan. Bir dona qog‘ozdan iborat bo‘lgan press-relizdagi 37 qatordan iborat bo‘lgan xabardagi 19 dan ortiq imloviy va uslubiy, tinish belgilari bilan bog‘liq xatolarni to‘g‘rilab chiqar ekanman, qog‘oz yuzi olmadek qizardi. Bu ham yetmagandek, telefonimga kelgan “Esemesmni 6kiyo‘tgan 4iroyili guzali” mazmundagi xabar yanada hayratimni oshirdi. To‘g‘risi, jumlalarning ma’nosiga unchalik tushunmadim. Xabarni yuborgan kishiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar mazmunini so‘rasam, “Xabarimni o‘qidingizmi chiroylilarning go‘zali” deydi. Mana, sizga ona tilimizga bo‘lgan munosabat. Bu shunchaki, e’tiborsizlik belgisimi yoki savodsizlik? Nazarimda, o‘z ishimizga mas’uliyat bilan yondashib, ona tilimizga e’tiborliroq bo‘lib, xatolarsiz yozishga jiddiyroq ahamiyat qaratsak, yozganlarimizdan hech kimning ko‘ngli xira bo‘lmaydi. Aksincha, marjon misoli tizilib turgan ma’nodor so‘zlarimizni o‘qib zavqlanadi.
Keyingi paytlarda aksariyat hamyurtlarimiz, joiz bo‘lsa, yoshlarimiz ham ijtimoiy tarmoqlarni kuzatishga odatlanishgani ayni haqiqat. Tarmoqni kuzatsangiz, foydalanuvchilar o‘zaro yozishmalarda “ch”, “o‘” yoki “sh” harflari o‘rniga “4”, “6” yoki “w” kabi belgilardan “unumli” foydalanishga odatlanib qolishgan. To‘g‘ri yozish kerak degan tanbehga javoban, telefonimdan shunaqa bosilib ketdi degan javobni olamiz. Baraka topkur, o‘sha telefondagi harflarni o‘zingiz terasiz-ku. Harflarni terayotganda so‘zning to‘g‘riligiga e’tibor bilan ahamiyat qaratsangiz, xato qilmaysiz. Bechora harflar ham sizning qo‘l ostingizda “majruh”, so‘zlar “nimta” bo‘lib qolmaydi.
Xalqimizda: “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir” degan naql borki, bu so‘zga nisbatan hurmat-e’tiborni ifodalaydi. Shunday ekan, yozayotgan so‘zimizni, aytayotgan gapimizni to‘g‘ri ifodalash har birimizning burchimiz. Zero, noto‘g‘ri yozishmalarimizni ko‘rib, asossiz so‘zlarimizni eshitib, kelajak avlod bizdan “ibrat” olmasligi uchun bugundan to‘g‘ri yozish va gapirishni o‘rganaylik.
Zero, xalqimizni o‘zligini anglatib turuvchi ona tilimizni bugundan qadrlashni, asrashni o‘rganaylik. Ona tilimizni qadrini qadrlashni, yuksaklarga ko‘tarishni farzandlarimiz bizdan o‘rganib, ibrat olsin

Nigina SHOYEVA,
jurnalist

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Uzunlik polvon misrda kuchini ko‘rsatdi

Bugungi kunda parasport turlari bo‘yicha yoshlarimizning erishayotgan yutuqlari barchamiz...

“Kitob o‘qib kam bo‘lmadik, yuksaldik, o‘sdik”

Oila — insonning birinchi maktabi, kitob esa bu maktabning...

BOBOTOG‘DAY BO‘LDI XIRMONLAR…

Viloyatimiz paxtakorlari yurtimiz agrar sohasida navbatdagi yirik yutuqqa erishdi...

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Timur ISMOILOVning voha ahliga MUROJAATI

So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat tufayli...
KunTun
KunTun