Belgisi yashirin, asorati jiddiy

Date:

Yilning issiq kunlari nafaqat yoqimli damlarni, balki ma’lum bir xavflarni ham o‘zida mujassam etadi. Ayniqsa, aholi orasida, jumladan, kichkintoylarimizda o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining ko‘payishi ko‘pchilikni tashvishga soladi.Qorin tifi, paratiflar, salmonellyoz, ichburug‘, virusli gepatitning A turi, hatto vabo kabi jiddiy xastaliklar ham aynan shu davrda faollashadi. Ushbu xavfli kasalliklar va ulardan himoyalanish yo‘llari haqida so‘z yuritamiz.

Xavf qayerdan keladi?


Bu kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar va viruslar tashqi muhitga juda chidamli bo‘lib, uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Ularning asosiy manbayi – aynan bemorlar va kasallikni tashib yuruvchilar (ular o‘zlarida belgilarni sezmasalar ham, yuqumli bo‘lishlari mumkin). Bemor o‘zining najasi orqali kasallik qo‘zg‘atuvchilarini atrof-muhitga tarqatadi, shu orqali suv, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa yo‘llar orqali sog‘lom insonlarga yuqadi. Tasavvur qiling, ichburug‘ bilan og‘rigan bemorning atigi 1 gramm najasida millionlab, qorin tifi bilan kasallangan bemorning 1 gramida esa 10 millionlab kasallik tarqatuvchi mikroblar bo‘lishi mumkin! Bu raqamlar bizning ehtiyotkorligimiz qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatadi.

Kasallik belgilari va xavfli asoratlari


O‘tkir ichak kasalliklarining yashirin davri bir necha soatdan 21 kungacha cho‘zilishi mumkin. Ba’zi hollarda bu davr sezilmay ham o‘tishi mumkin. Kasallik boshlanganda esa bemorda kuchli holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorinning tez-tez og‘rib, ichakning suyuq ketishi (diareya) va tana haroratining ko‘tarilishi kuzatiladi.
Agar bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmasa, bu oddiy ko‘ringan kasalliklar jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Ichaklar faoliyatining buzilishi, ichak yaralaridan qon ketishi, hattoki ichak devorining teshilishi kabi hayot uchun xavfli holatlar yuzaga kelishi mumkin. Ba’zida esa bu asoratlar bemorning o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin.


Oldini olish – eng muhim chora!


Afrikada “iflos qo‘l kasalliklari” deb atalmish bu xastaliklardan himoyalanishning eng samarali yo‘li – shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishdir.
Ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan chiqqandan so‘ng qo‘llarni, albatta, sovunlab yuvish shart. Bu eng oddiy, lekin eng muhim qoida. Tirnoqlarni o‘z vaqtida olish va qo‘llarni doimo toza saqlash lozim. Uyda har kim o‘zining shaxsiy sochiq va ro‘molchadan foydalanishi kerak. To‘y-ma’rakalarda ham shaxsiy gigiyenaga e’tiborli bo‘ling.
Shuningdek, ko‘chalarda, bozorlarda sifati kafolatlanmagan, qo‘lda tayyorlangan salqin ichimliklar, sharbatlar, ayron kabilarni iste’mol qilishdan saqlaning. Bunday mahsulotlar ham ko‘pincha yuqumli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladi.
Unutmang, salomatligimizning 10-15 foizi tibbiyot xodimlarining xizmatiga bog‘liq bo‘lsa, qolgan 60 foizi o‘zimizning sog‘lom turmush tarzimizga bog‘liq. Ochiq suv havzalarining ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, sifatli va toza suv hamda oziq-ovqat mahsulotlarini tanlash – o‘tkir yuqumli ichak kasalliklaridan himoyalanishning garovidir.

Bahrom Abraqulov,
Termiz shahar bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi qabul bo‘lim boshlig‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...

Bilim va zukkolik bellashuvi

Termiz davlat universitetida talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini boshlandi....

“Yangi hayot”da yangi maskan

Qiziriq tumanida yosh avlod tarbiyasi va ta’limi yo‘lida navbatdagi...
KunTun
KunTun