Barcha sohada aniq va ilmiy yondashuv muvaffaqiyat keltiradi. Ayni jihatlarni hisobga olgan Prezidentimizning meva-sabzavot yetishtirishda ham ilmiy yondashuvlar asosida yuqori hosildorlikka ega sanoatlashgan va ixtisoslashtirilgan bog‘lar tashkil etishga oid topshiriqlarida, albatta, jon bor. Ayni topshiriqlar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Sherobod tumanida “Uz Segan Surxon” MCHJ tomonidan iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, foydalanilmayotgan va sug‘orilishi murakkab bo‘lgan 164 gektar maydon o‘zlashtirilib, zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida bog‘dorchilikka ixtisoslashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida sug‘orish tizimini tashkil etish maqsadida 2 ta nasos agregati o‘rnatilib, 1,1 kilometrlik quvurlar yotqizildi. Mazkur ixtisoslashtirilgan bog‘da anor, o‘rik, gilos kabi mevali daraxtlar bilan birga sabzavot va poliz ekinlari ham ekilayapti. Shuningdek, bog‘ qator oraliqlaridan samarali foydalanish maqsadida kartoshka, piyoz va dukkakli don ekinlari ham parvarishlanmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Sherobod tumaniga tashrifi doirasida mazkur loyihaning amalga oshirilish holati bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida mutasaddilar tomonidan tumandagi 5 ming gektardan ziyod, viloyat bo‘yicha esa 27,4 ming gektar maydonda joylashgan bog‘larning iqtisodiy samaradorligini oshirish, sanoatlashgan va ixtisoslashtirilgan bog‘lar tashkil etish ishlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Loyihalarni sifatli va samarali amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy bozorni meva-sabzavot mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash, shuningdek, eksport hajmini oshirish yuzasidan aniq tavsiya va topshiriqlar berildi.