Bugungi globallashuv davrida xorijiy tajriba orttirish, yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, o‘z kasbiy salohiyatini rivojlantirish yoshlarga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shu maqsadda Termiz shahridagi San’at saroyida Migratsiya agentligi tomonidan “Xorijda ish” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda xorijda ishlash istagida bo‘lgan yuzlab yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Yarmarkada xususiy bandlik agentliklari tomonidan
12 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi.
Mazkur ish takliflari Bolgariya, Germaniya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Slovakiya, Turkiya hamda Birlashgan Arab Amirliklari kabi rivojlangan mamlakatlarda mavjud bo‘lib, yoshlar kasbiga va qiziqishiga qarab o‘ziga mos yo‘nalishni tanlash imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. Yarmarka davomida mutaxassislar ishtirokchilarga xorijda ishlash jarayonining huquqiy asoslari, mehnat shartlari, ijtimoiy kafolatlar va rasmiy bandlik tartiblari haqida atroflicha tushuntirish berdi. Bu esa, xorijda ishlashni niyat qilgan yoshlar uchun katta yordam bo‘ldi. Chunki ko‘pchilik yoshlar uchun asosiy muammo — ishonchli ma’lumot manbai va to‘g‘ri yo‘nalish tanlashdir. Tadbir ularga shu borada amaliy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, kelajak rejalarini to‘g‘ri shakllantirishga ko‘mak berdi.
Yarmarkada ishtirok etgan yoshlar yuzida hayajon, ko‘zida esa katta umid porlab turardi. Ularning aksariyati xorijda mehnat qilish orqali nafaqat o‘z tajribasini oshirish, balki Vataniga qaytgach, o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarini yurt ravnaqiga bag‘ishlashni orzu qilmoqda.Shuningdek, tadbir jarayonida ko‘plab yoshlar o‘ziga mos ish o‘rinlari bilan tanishib, dastlabki kelishuvlarga ham erishdi. Bu esa yoshlarga nafaqat ish o‘rni topish, balki kelajak sari dadil qadam tashlash uchun ishonch bag‘ishladi. Bu kabi tashabbuslar yoshlar uchun katta imkoniyat bo‘lib, ularni mehnat bozorida faol, raqobatbardosh va zamonaviy mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Xorijda ish” yarmarkasi – bu yoshlarga ochilgan yangi ufqlar maydoni, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish sari qo‘yilgan navbatdagi muhim qadamlardan biridir.
Xorijda faoliyat yuritish borasidagi izchil islohotlar o‘z samarasini berayotir. Ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi ishlar diqqatga sazovor. Zero, yoshlar – kelajak bunyodkorlari, Vatan taraqqiyotining eng asosiy kuchi hisoblanadi. Ularning bilim olishi, ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishi, jamiyatda faol ishtirok etishi uchun qulay sharoit yaratish davlatimiz siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelmoqda. Shu maqsadda Jarqo‘rg‘on tumanida kapital ta’mirlanib, zamonaviy sharoitlar bilan jihozlangan “Yoshlar markazi” tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Yangi markazning ochilish marosimi katta tantana bilan o‘tdi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, faol yoshlar hamda mahalla faollari ishtirok etdi. Tadbirda yangicha ruh, yoshlar quvonchi va faxr tuyg‘usi sezilib turdi.
Mehmonlar markazdagi imkoniyatlar bilan tanishar ekan, bu maskan yoshlar hayotida yangi davrni boshlab berishiga amin bo‘ldilar. Marosimning eng qiziqarli qismi — yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot bo‘ldi. Suhbat davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va tashabbuslarini dadil bayon qilishdi.
Mutasaddilarga yoshlarning fikr va istaklarini diqqat bilan o‘rganib, ular uchun amaliy yechimlar ishlab chiqish, muammolarni hal qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Bu esa yoshlarga o‘z ovozi eshitilayotganini, ular davlat siyosatining markazida ekanini yana bir bor his qildirdi.
“Yoshlar markazi” yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlangan. Markazda kompyuter xonalari va zamonaviy texnika vositalari, kutubxona va o‘quv zallari, turli ijodiy to‘garaklar, mahorat darslari uchun xonalar, hamda madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlarini o‘tkazish uchun maydonchalar mavjud. Bu maskan yoshlarning bilim olish, ijod qilish, mahoratini oshirish va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishida katta yordam beradi.
Ushbu “Yoshlar markazi” — yoshlarning ertangi kuniga qo‘yilgan mustahkam poydevor, ularning orzularini amalga oshirish sari ochilgan yangi eshikdir. Bu maskan orqali tuman yoshlari nafaqat bilim oladi, balki o‘zining iqtidor va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarib, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol shaxslar bo‘lib voyaga yetadilar.
Yarmarka — imkoniyatlar maydoni
Date: