Har bir yangi o‘quv yili nafaqat maktab ostonasini endigina hatlab kirgan birinchi sinf o‘quvchilari, balki butun jamiyat uchun bayramdir. Chunki bilim dargohlari — xalq kelajagi, mamlakat taraqqiyoti va ertangi kunimizning poydevori hisoblanadi. Shu ma’noda 2025/2026-o‘quv yili ham Surxondaryoda yangicha kayfiyat, yuqori ruh va shukuh bilan boshlandi.
O‘tgan ta’tilni sarhisob qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-may kuni bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimiz maktabgacha va maktab ta’limi tizimida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 3 oy davomida (iyun–avgust) 967 ta maktabda 515 mingdan ortiq o‘quvchining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish ta’minlandi. 130 ta oromgohda 12 ming nafar o‘quvchi sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlariga qamrab olindi.
“Yoz–2025” sport musobaqalarida 218 mingdan ortiq o‘quvchi qatnashdi. “Barkamol avlod” maktablari to‘garaklariga 18 ming 900 nafar bola jalb qilindi. “Kitobxonlar festivali” va boshqa madaniy tadbirlarda 29 mingdan ortiq o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” ansambli tomoshalari orqali
32 mingdan ortiq o‘quvchi qamrab olindi. Bundan tashqari, joriy yil 19-iyunida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan respublika bosqichida Surxondaryo jamoalari ham faxrli natijalarga erishib, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktabning “Ma’rifatparvarlar” jamoasi – “Eng kreativ jamoa”, Denov tumanidagi 27-maktabning “Nihol” ansambli – “Eng yaxshi xalq ansambli” nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi.
“Dolzarb 90 kunlik” dasturi nafaqat farzandlarimizning yozgi ta’tilini mazmunli o‘tkazishga xizmat qildi, balki ularning iqtidorini yuzaga chiqarib, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishiga mustahkam poydevor bo‘ldi.
Shuningdek, ta’til davomida yangi o‘quv yili uchun tayyorgarlik jarayonlari ham e’tibor va nazorat ostida bo‘ldi. Sinfxonalar, ta’mirlash ishlari va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Yangi o‘quv yilini yuqori saviyada boshlash uchun barcha choralarni ko‘rish, “Prezident sovg‘alari”ni yetkazib berish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga Angor, Muzrabot va Denov tumanlarida “Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish va istiqboldagi rejalar” mavzusida o‘quv-seminarlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminar yangi o‘quv yili oldidan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi aniq.
Albatta, viloyatda yo‘lga qo‘yilgan va yo‘lga qo‘yilayotgan loyihalarni amalga oshirishda fidoyi xalqimiz, tadbirkorlarimiz va turli soha vakillarining katta hissasi bor.
Dolzarb kechgan 90 kun ko‘rsatar endi kuchin…
Date: