BITTA ODAM ORTIQCHA (hajviya)

Date:

Ertalab. Bekat. Avtobus tiqilinch. Yo‘lovchilar uning ustiga chiqqudek bo‘lib osilmoqda. Qiy-chuv, shovqin-suron…
— Sal suriling, aka! E, yashang, yana bir santimetr!..
— O‘v, sekinroq! Ko‘z qayoqda, oyoqni ezding-ku, nomard?!
— Qani, qani, yana jindek surilinglarchi, azamatlar! Bitta yaxshi odam qolib ketmasin!
— E, qayoqqa chiqaman? Oyoq qo‘yadigan joy yo‘q-ku, amaki!
— Shu-u… aptobusni rezinkadan ishlab chiqarilsa, bo‘lmasmikan-a! Hammamiz sig‘ib ketardik!..
Bularga qo‘shimcha haydovchining bo‘g‘iq tovushi quloqqa chalinib qolardi:
— Agar eshiklar yopilmasa, hech qayoqqa qimirlamayman!..
Boz ustiga qo‘liga bir dasta pul ushlab olgan baqaloq chiptachi xotin ham hali old, hali orqa eshik oldida chirqillagani-chirqillagan edi:
— Yo‘l haqi to‘lashni unutmanglar! Avtobusga sig‘may qolganlar xafa bo‘lishmasin. Orqadan boshqasi kelyapti… Ho-oy, sizni chiptangiz qani yaxshi, yigit? Qani, qani, tez-tez qimirlay qolinglar! Grafik buzilmasin. Orqa eshik yopilmaguncha avtobus yurmaydi. Chiqinglar, chiqa qolinglar!..
— Qayoqqa chiqamiz, opa? — deyman bo‘g‘ilib. — Tomiga chiqib bo‘lmaydi-ku, axir?
— Bunisi mening ishim emas, — deydi u. — Chiqinglar! Bo‘lmasa, ortiqcha yo‘lovchilar tushib qolishsin!
— To‘g‘ri aytasiz, — hiringlaydi eshikka osilib turgan talaba yigitchalardan biri. — Shu, bitta odam ortiqchalik qilib turibdi-da!
— Kim ortiqcha? — do‘rillab bo‘ynini cho‘zadi uning orqasida osilib turgan barzangi yigit.
— Sizni aytmayapman-ku, aka, — bo‘ynini qisadi talaba yigitcha.
— Qani azamatlar, yana bir urinib ko‘raylik! Qolgan-qoldi, ketgan-ketdi! — xitob qiladi boshqa bir yo‘lovchi.
… Hansirash, chiranish, inqillash, oh-uh boshlandi va nihoyat eshiklar g‘irchillab arang yopildi. Avtobus yo‘lga tushdi. Bir bekat yurdi, ikki bekat. Negadir baqaloq chiptachi xotinning ovozi eshitilmay qoldi.
— To‘g‘ri, bitta odam ortiqcha ekan! — yengil nafas oldi yo‘lovchilar…

Erkin Usmon

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yoʻl qoidasini buzsa, qimmatga tushadi

Özbekistonda yöl harakati xavfsizligini ta’minlaş va xavfli qoidabuzarliklarning oldini...

JAVOBGARLIK KUCHAYTIRILDI

Bolaning sog‘lom ulg‘ayishi, ta’lim olishi va har tomonlama kamol...

NURONIYLAR SABOG‘I — YOSHLAR UCHUN IBRAT

Jarqo‘rg‘on tumanidagi harbiy qism madaniyat uyida «Uch avlod uchrashuvi»...

172 TA MUROJAAT KO‘RIB CHIQILDI

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov tomonidan fuqarolar va tadbirkorlar...
KunTun
KunTun