Temir yo‘l transporti mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, yo‘lovchi va yuk tashish tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlashda alohida o‘rin tutadi.
Sohada harakat xavfsizligini ta’minlash, temir yo‘l infratuzilmasini asrab-avaylash hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shu bois respublikamizda temir yo‘l transporti faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilib, transport xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida barcha sohalarda, jumladan transport tizimida ham xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, qonun ustuvorligini qaror toptirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Temir yo‘l hududi yuqori xavf manbayi hisoblanadi. Poyezdlarning yuqori tezlikda harakatlanishi, ularning qisqa masofada to‘xtay olmasligi sababli temir yo‘lni belgilanmagan joylardan kesib o‘tish ko‘plab og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Afsuski, ayrim fuqarolar vaqtni tejash maqsadida xavfsizlik qoidalarini mensimasdan, temir yo‘l izlarini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishga urinadi. Bunday beparvolik inson hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Fuqarolar temir yo‘lni faqat maxsus piyodalar o‘tish joylari, ko‘priklar, yerosti yo‘laklari yoki belgilangan kesishmalardan kesib o‘tishlari lozim. Harakatlanayotgan poyezd oldidan yugurib o‘tish, quloqchin taqib yoki telefondan foydalanib relslarni kesib o‘tish, yopiq shlagbaumlarni chetlab o‘tish kabi holatlar baxtsiz hodisalarning asosiy sabablaridan biridir.
Bundan tashqari, temir yo‘l infratuzilmasiga qasddan zarar yetkazish, svetoforlar, signalizatsiya vositalari, aloqa tarmoqlari, relslar, elektr ta’minoti uskunalari yoki boshqa texnik vositalarni ishdan chiqarish nafaqat transport harakatiga jiddiy xavf tug‘diradi, balki og‘ir huquqiy javobgarlikka ham sabab bo‘ladi. Bunday harakatlar natijasida poyezdlar harakati izdan chiqishi, katta moddiy zarar va insonlar hayotiga tahdid yuzaga kelishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonunida temir yo‘l transportidan xavfsiz foydalanish, infratuzilmani muhofaza qilish hamda barcha ishtirokchilarning majburiyatlari belgilab berilgan. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksida temir yo‘l transporti xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarlik va jinoyatlar uchun tegishli javobgarlik choralari nazarda tutilgan.
Transport sohasida qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolar o‘rtasida huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish borasida transport prokuraturasi organlari, ichki ishlar organlari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan tizimli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ta’lim muassasalari, mahallalar va temir yo‘lga yaqin hududlarda aholi, yoshlar hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda.
Har bir fuqaro temir yo‘l transportidan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishi, temir yo‘l obyektlariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi va qonun talablariga rioya etishi zarur. Zero, qonunga hurmat — inson hayotiga hurmatdir.
Temir yo‘l xavfsizligini ta’minlash faqat mas’ul idoralarning emas, balki har bir fuqaroning burchidir. Qonun talablariga rioya qilish, temir yo‘l obyektlarini asrash va xavfsizlik qoidalariga amal qilish orqali inson hayotini saqlab qolish, transport tizimining barqaror faoliyatiga hissa qo‘shish mumkin.
Z.TURSUNOV,
Termiz transport prokurori

