Orzumga yetdim, orzumni topdim

Date:

Har bir insonning bolalikdanoq istagan, orzu qilgan kasbi bo‘ladi. Men ham yoshligimda o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardim.

Kelajakda o‘quvchilarga ilm berishni, ularning muvaffaqiyatlaridan quvonishni tasavvur qilardim. Ammo hayot va taqdir meni boshqa yo‘lga boshladi. Bugun men Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida kutubxonachi sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman.

To‘g‘risini aytsam, kutubxonada ishlashni boshlagunimga qadar kitob o‘qishga unchalik qiziqmasdim. Kitobning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatini ham bugungidek chuqur anglamasdim. Biroq kutubxonadagi ish faoliyatim davomida kitobxonlar bilan muloqot qilish, ularning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini kuzatish menga katta ta’sir ko‘rsatdi. Har kuni kitob olish uchun keladigan, o‘qigan kitobi haqida hayajon bilan fikr bildiradigan kitobxonlarni ko‘rib, men ham kitob mutolaasiga qiziqa boshladim.

Vaqt o‘tishi bilan kitoblar mening eng yaqin hamrohlarimga aylandi. Mutolaa orqali dunyoqarashim kengaydi, fikrlashim o‘zgardi va bilimlarim boyidi. Bugun kitobga bo‘lgan muhabbatimning shakllanishida aynan kutubxonachilik faoliyatim va kitobxonlarimning hissasi beqiyos ekanini faxr bilan ayta olaman.

Hayotimdagi eng unutilmas lahzalardan biri kutubxonachi sifatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun tashkil etilgan tadbirda ishtirok etganim bo‘ldi. Bolajonlar bilan muloqot qilish, ularga kitoblar haqida so‘zlab berish va ularning qiziqishlarini ko‘rish qalbimdagi bolalik orzusini yana uyg‘otdi. O‘sha bir necha soat davomida o‘zimni xuddi o‘qituvchidek his qildim. Shunda angladimki, Allohning rejalarida aslo xato bo‘lmaydi. Men o‘qituvchi bo‘lmagan bo‘lsam-da, bugun kitoblar orqali yosh avlodga bilim va ma’rifat ulashayotgan ekanman.

Aslida, o‘qituvchi va kutubxonachi kasblarining maqsadi bir — insonlarni ilmga, ma’naviyatga va ezgulikka yetaklashdir. Balki taqdir meni aynan shu yo‘l orqali orzumga yaqinlashtirgandir. Chunki bugun men kitoblar olamida yashab, kitobxonlarga xizmat qilish orqali jamiyat ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shayotganimni his qilaman.

Kutubxonachilik shunchaki kasb emas, balki hayotimni o‘zgartirgan, kitobga mehr uyg‘otgan va ma’naviy kamolot sari yetaklagan sharafli faoliyatdir. Bugun ushbu kasb egasi ekanimdan faxrlanaman va kelajakda ham kitobxonlarga sidqidildan xizmat qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

Farangiz Choriyeva,

Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi Axborot-texnologiyalari  bo‘yicha mutaxassisi

Oldingi sahifaArxivlar taraqqiyoti

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Orzumga yetdim, orzumni topdim

Har bir insonning bolalikdanoq istagan, orzu qilgan kasbi bo‘ladi....

Arxivlar taraqqiyoti

Arxivlar — bu shunchaki hujjatlar saqlanadigan maskan emas. Ular...

Sahifalarda yashar hanuz

Tarixiy kutubxonalar insoniyat sivilizatsiyasining bebaho boyligi bo‘lib, qadimiy kitoblar,...

Farovonlikka tahdid

Har qanday jamiyatning taraqqiyoti sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol...
KunTun
KunTun