Ogoh bo‘ling!

Date:

Mart oyi FVV tizimida sel, toshqin va ko‘chki hodisalaridan muhofaza qilish oyligi sifatida e’lon qilingan bo‘lib, ushbu oylik doirasida aholi xavfsizligini ta’minlash, tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tog‘li va adirli hududlari ko‘p bo‘lgan  Surxondaryo viloyatida bu kabi tabiiy xavf-xatarlarning oldini olish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida mart oyi “Sel, toshqin va ko‘chki hodisalaridan muhofaza qilish oyligi” sifatida tashkil etilgan bo‘lib, oylik doirasida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Oylik doirasida, eng avvalo, viloyatning sel xavfi yuqori bo‘lgan hududlarida holatni o‘rganish ishlari tashkil etildi. Mutaxassislar tomonidan Boysun, Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov va Sherobod tumanlarining tog‘li va tog‘ oldi hududlarida joylashgan soy va daryo o‘zanlari, sel o‘tish ehtimoli mavjud bo‘lgan joylar hamda gidrotexnik inshootlar atroflicha ko‘zdan kechirilmoqda. O‘rganishlar davomida suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan omillar, jumladan tosh, qum, shox-shabba va turli chiqindilarni bartaraf etish ishlari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, sel va toshqin xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda joylashgan kanal, ariq va kollektor tarmoqlarining holati ham o‘rganilib, suvning erkin oqishini ta’minlash maqsadida tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Sel yo‘nalishlaridagi dambalar, suv o‘tkazuvchi quvurlar va boshqa gidrotexnik inshootlarning texnik holati tekshirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda.

Oylik doirasida aholi o‘rtasida profilaktik va targ‘ibot ishlariga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan mahallalar, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda uchrashuvlar tashkil etilib, sel, toshqin va ko‘chki vaqtida to‘g‘ri harakat qilish qoidalari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Aholiga favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik choralariga rioya qilish, xavfli hududlarga befarq bo‘lmaslik, kuchli yomg‘irlar vaqtida soy va daryolarga yaqinlashmaslik kabi muhim tavsiyalar berilmoqda. Shu bilan birga, aholiga maxsus eslatma varaqalari va bukletlar tarqatilmoqda. Bundan tashqari, qutqaruv bo‘linmalari ishtirokida o‘quv-taktik mashg‘ulotlar ham o‘tkazilmoqda. Ushbu mashg‘ulotlarda sel yoki toshqin sodir bo‘lgan taqdirda aholini xavfsiz joylarga evakuatsiya qilish, jabrlanganlarga tezkor yordam ko‘rsatish, qidiruv-qutqaruv ishlarini samarali tashkil etish kabi amaliy harakatlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu esa qutqaruv xizmatlari tayyorgarligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda sel va toshqin xavfini kamaytirishga qaratilgan muhandislik-profilaktik ishlar ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, soy va kanallarni tozalash, suv yo‘llarini kengaytirish, sel oqimlarining aholi yashash hududlariga kirib kelishining oldini olish maqsadida mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda. Tabiiy ofatlarning oldini olishda aholining ham faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Fuqarolar xavfsizlik qoidalariga rioya qilib, mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilsa va xavfli holatlar haqida tezkor ravishda tegishli xizmatlarga xabar bersa, sel, toshqin va ko‘chki kabi hodisalarning oldini olish yoki ularning salbiy oqibatlarini kamaytirish mumkin.

SEL VA TOSHQIN XAVFIDA:

🔹 Xavfli hududlarni oldindan aniqlang

🔹 Ob-havo ogohlantirishlarini doim kuzatib boring

🔹 Favqulodda holatda harakatlanish yo‘nalishlarini bilib oling

🔹 Zarur hujjatlar va birinchi yordam vositalarini tayyor holda saqlang

KO‘CHKI XAVFIDA:

🔹 Kuchli yog‘ingarchilik paytida tog‘ va qiyalik hududlarga bormang;

🔹 Jar va tik yonbag‘irlardan uzoqroq bo‘ling;

🔹 Yer siljishi belgilari (yoriqlar, tuproq surilishi, daraxtlarning og‘ishi)ga e’tibor bering.

⚠️ OGOHLIK — HAYOT GAROVI!

O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang!

“Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda zudlik bilan 112, 101 yoki 1050 qisqa raqamlari orqali xabar bering!”

Zulfiya Soxibova,

Surxondaryo viloyati FVB

                                                            Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi 

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ogoh bo‘ling!

Mart oyi FVV tizimida sel, toshqin va ko‘chki hodisalaridan...

Yosh iqtidorlar saralandi

Termiz shahar 2-son bolalar musiqa va san’at maktabida musiqa...

Qumqo‘rg‘onda yangi dehqon bozori

Qumqo‘rg‘on tumanining “Besh qahramon” mahallasida avvalgi “Oqsoy buyum bozori”...

Fidoyi mehnat e’tirofi

8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan davlat va...
KunTun
KunTun