Ichimlik suvi qamrovi 47 foizdan 67,5 foizga yetdi

Date:

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish asosida Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan 287 million dollarlik megaloyihaning amaliy natijalari bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish va infratuzilmani modernizatsiya qilish borasidagi tizimli ishlar natijasida viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 47 foizdan 67,5 foizga yetdi. Bugungi kunda minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilmoqda.

Loyiha doirasida 246 kilometr magistral va ichki tarmoqlar barpo etildi. Gidravlik hisob-kitoblar asosida suvni nasossiz, ya’ni elektr energiya sarfisiz uzatish imkoniyati yaratildi. Natijada, Termiz shahri hamda Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot tuman markazlariga suv barqaror yetkazib berilmoqda. Ushbu innovatsion yondashuv yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasini tejash, qariyb 18,5 milliard so‘m iqtisod qilish imkonini bermoqda.

Loyiha samarasida 223 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi, suvning qattiqlik darajasi ikki baravargacha kamaydi. Bu aholi salomatligi va maishiy texnikalar xizmat muddatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi tizimni real vaqt rejimida nazorat qilish, avariya va yo‘qotishlarni tezkor aniqlash imkonini bermoqda. Shuningdek, 100 dan ortiq yer osti quduqlaridan foydalanish zarurati bartaraf etilib, ekologik yuk kamaytirildi.

Inshoot hududida 10 gektar maydonda quyosh panellari o‘rnatilib, 6 418 kilovatt quvvat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Prezident viloyatda hali yechimini kutayotgan suv ta’minoti masalalarini tezkor hal etish, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi.

Mazkur loyiha nafaqat Surxondaryoda aholi turmush sifatini oshirish, balki energiya tejamkor va barqaror infratuzilma yaratish borasida namunaviy tajriba sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Vazir inklyuziv ta’lim jarayonlarini o‘rgandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Surxondaryo viloyatida...

“Yangi O‘zbekiston” massivlari farovonlik va zamonaviy turmushni ta’minlaydi”

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston”...

Loyiha yakuniy bosqichda

Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulov tumanning “Do‘stlik” mahallasida amalga...

Bandixonning monumenti bor

Qiziriq tomondan Bandixon tumaniga kirishda ramziy monument qad rostladi....
KunTun
KunTun