XXI asr — bu shunchaki texnologiyalar asri emas, bu shiddatli o‘zgarishlar va ko‘nikmalar to‘qnashuvi davridir. Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti “bilimlar iqtisodiyoti”dan “ko‘nikmalar iqtisodiyoti”ga o‘tmoqda. An’anaviy ta’lim tizimi o‘quvchiga faqat statik bilimlarni bersa, bugungi bozor dinamik yechimlarni talab qilmoqda.
O‘zbekiston o‘zining strategik rivojlanish yo‘lida aynan shu nuqtani — inson kapitalini transformatsiya qilishni maqsad qildi. Kelajak markazlarining tashkil etilishi — bu shunchaki ta’limiy loyiha emas, bu millatning raqobatbardoshligini ta’minlovchi davlat ahamiyatiga molik harakatdir.
“Barkamol avlod” endi yo‘q…
“Barkamol avlod” bolalar maktabi hamda Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi negizida “Kelajak” markazi tashkil etilib, markazning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida vertikal tizimi joriy etiladi hamda o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimida tashabbuskor kadrlar ish boshlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari “Kelajak” markazlari huzurida bolalar sayyohlik bazalari faoliyat boshlaydi. Kelajak markazlari — bu innovatsion g‘oyalar va amaliy ko‘nikmalar sintezi sodir bo‘ladigan maskan. Loyihaning asosiy maqsadi — yoshlarni faqat oliy ta’limga tayyorlash emas, balki ularni hayotga, mustaqil qaror qabul qilishga va zamonaviy kasblarni egallashga yo‘naltirishdir. Bu markazlar chekka hududlardagi iste’dodlarni izlab topish va ularga poytaxt yoshlari bilan bir xil imkoniyat yaratishni ko‘zda tutadi.
Maqsad aniq: har bir o‘quvchi o‘zining kuchli tomonini topishi va uni daromad keltiruvchi sohaga aylantirishi lozim. Shu bois ham yangi tizim ish beradigan, natijador tizim sifatida qayd etilmoqda. Kelajak markazlari hamda maktab maslahatchiligi lavozimi uchun alohida tanlov asosida ishga qabul qilish tuzilmaning salohiyatli kadrlar bazasi bilan to‘lishi hamda markazning nomiga munosib bo‘lishiga xizmat qilajak.
Sharoitning “dodasi” — e’tibor ifodasi
Ta’kidlash o‘rinliki, ta’lim muhiti o‘quvchining psixologiyasiga bevosita ta’sir qiladi. Kelajak markazlarining arxitekturasi va ichki dizayni “Open space” tamoyiliga asoslangan. Ranglar gammasi, jihozlar, laboratoriyalar — barchasi ijodkorlikni rag‘batlantirish uchun xizmat qiladi. Bu yerda partalar qatorda tizilgan zerikarli xonalar yo‘q; buning o‘rniga hamkorlikda ishlash (kovorking) zonalari, kreativ studiyalar va yuqori texnologiyali laboratoriyalar mavjud. Bunday muhit bolaga erkinlik hissini beradi, erkinlik esa yangi g‘oyalar tug‘ilishining asosiy shartidir.
— Markaz faoliyat boshlashi eskicha tizimdan voz kechib, yangicha muhit va imkoniyatlar uchun safarbar etilish zaruratini talab etadi, — deydi Viloyat “Kelajak” markazi rahbari Firuzjon Qodirov. — Shu bois maktab maslahatchiligi uchun ariza topshirgan 685 nafar arizachidan 485 nafari ham ayni mohiyatni anglay olganligini kuzatish mumkin. Test sinovlaridan o‘tgan 392 nafar nomzod bilan suhbat qilindi. Maktab maslahatchilari kelajak avlodni “uyg‘otadigan” kuch, cheksiz imkoniyatlardan boxabar etuvchi informatsiyalar manbayi, aqlan yetuk, ma’nan mukammal, tashabbuskor va tanqidiy fikrlay oladigan kadr bo‘lmog‘i lozim.
Maktab maslahatchilari o‘quvchilardagi kommunikativ va tashkilotchilik qobiliyatini mustahkamlash, ularda media va raqamli savodxonlikni shakllantirishga ko‘maklashadi.
Maktab maslahatchisi lavozim maoshi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi. Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga 2026-yil 1-sentabrdan boshlab sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga tegishlicha har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.
Maktablarda “Erp.portfolio” platformasi yaratiladi. Bunda 1-11-sinf o‘quvchilarining portfolio bazasi shakllantiriladi. Ushbu platforma maktab maslahatchilari tomonidan yuritiladi hamda 2028/2029-o‘quv yilidan shahodatnomada qayd etiladi.
Bilim va ko‘nikma muvozanati
Zamonaviy mutaxassis uchun faqat dasturlashni bilish (Hard skills) yetarli emas. U jamoada ishlashni, boshqalar bilan muloqot qilishni va o‘z loyihasini taqdim eta olishni (Soft skills) ham bilishi shart.
Hard skills: Robototexnika, grafik dizayn, xorijiy tillar, SMM.
Soft skills: Nutq madaniyati, stressga chidamlilik, vaqtni boshqarish (time management), yetakchilik.
“Kelajak” markazlari ushbu ikki yo‘nalishni bir nuqtada birlashtiradi va o‘quvchini har tomonlama pishgan “universal mutaxassis” sifatida tayyorlaydi.
— Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi va yosh tadbirkorlarga yetti yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish boshlanadi, — deydi markazning media va axborotlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Durdona Eshmurodova. — Xususan o‘zini band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida besh nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.
Shuningdek, Oliy ta’lim,fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Mening birinchi kasbim” dasturi ham start oladi. Bunda stajirovka dasturi asosida oliygoh bitiruvchilari o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, ularga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” ishga tushiriladi.
— Kelajak markazlarining poydevori — raqamli texnologiyalar, — deydi Durdona Eshmurodova. — Bu yerda bolalar sun’iy intellekt, “Big Data” va kiberxavfsizlik kabi tushunchalar bilan tanishadilar. Axborot texnologiyalari darslarida o‘quvchilar o‘zlarining ilk mobil ilovalarini yaratishadi, modellar yasashadi. Bu nafaqat ularni texnologiya bilan tanishtiradi, balki ularda “men yaratuvchiman” degan ishonchni uyg‘otadi.
O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish yo‘lidagi asosiy kuch ham aynan mana shu yoshlar bo‘ladi. Shunday ekan, “Kelajak” markazlari zimmasida intellektual salohiyati yuksak yoshlar shakllanishi kutilayotgani tabiiy.
Shunchaki dars emas, hayot maktabi
“Kelajak soati” darslari o‘quv dasturlariga nafas olib kirdi. Bu darslarda “ikki” baho olishdan qo‘rqish yo‘q, chunki bu yerda xato qilish — o‘rganishning bir qismi hisoblanadi. Darslar interfaol tarzda, ochiq muloqot va bahs-munozaralar asosida o‘tiladi. O‘quvchi o‘qituvchining aytganini ko‘r-ko‘rona yodlamaydi, balki “Nima uchun?”, “Qanday qilib?” va “Buni qayerda qo‘llayman?” degan savollarga javob izlaydi. Bu darslar o‘quvchining shaxsiy “men”ini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
— Sinf soati haftaning har juma kuni o‘tilardi, — deydi termizlik Shohrux Shomurodov. — Ustozimiz ham hafta davomida yig‘ilib qolgan masalalar, biz keltirib chiqargan muammolar bilan 45 daqiqani “yo‘q qilardi”. Hozir esa “Kelajak soati” darsi qiziqarli tashkil etiladi. Mavzular ham bizning kelajagimiz uchun ahamiyatli. Yaqinda yaxshilik haqida mavzu o‘tildi. Aslida mana shu darsning o‘ziyoq yaxshilik. O‘qituvchimiz o‘zgardi, dars o‘tish uslubi dakkidan sifatli mashg‘ulotga aylandi. Har safar nimadir yangilik bilan keladi. Qiziq videolar ko‘rsatiladi. O‘ylab qoldim, men nima yaxshilik qilayapman ekan?!
Ustozlar transformatsiyasi: Yangi avlod murabbiylari
Kelajak markazlarida dars beruvchi pedagoglar endi faqat “muallim” emas, ular “fasilitator” va “mentor”lardir. Ular o‘quvchiga yuqoridan pastga emas, teng sherik sifatida qaraydilar.
— Mentorning vazifasi — tayyor javobni berish emas, balki javobgacha olib boradigan yo‘lni ko‘rsatishdir, — deydi pedagog Shuhratjon Abdulakov. — Ushbu murabbiylar muntazam ravishda xalqaro treninglardan o‘tadilar va o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydilar. Chunki zamonaviy bolaga dars berish uchun o‘qituvchi kamida bir qadam oldinda yurishi kerak.
Kelajak markazlari va “Kelajak soati” — bu bugun ekilgan intellektual niholdir. Uning mevasi ertaga yurtimiz iqtisodiyotini ko‘taradigan, ilm-fanini rivojlantiradigan va xalqaro maydonda bayrog‘imizni baland ko‘taradigan vatanparvar va bilimli yoshlar bo‘ladi. Biz bugun ta’limga sarmoya kiritib, aslida ertangi kunimizning xavfsizligi va farovonligini sotib olayapmiz. Zero, buyuk kelajak faqat zamonaviy maktab partalarida tug‘iladi.
Psixologik yondashuv: O‘quvchi shaxsini shakllantirish
Har bir bola — alohida olam. Kelajak markazlari tizimida psixologik qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. O‘smirlik davridagi o‘zgarishlar, o‘ziga ishonchsizlik yoki kasb tanlashdagi ikkilanishlar “Kelajak soati”dagi psixologik treninglar orqali yechiladi. Bolalarga emotsional intellektni boshqarish o‘rgatiladi. Bu esa ularning kelajakda nafaqat yaxshi mutaxassis, balki ruhiy sog‘lom va baxtli inson bo‘lib yetishishini ta’minlaydi.
— “Turon” maktab teatri” tanlovi mazkur yildan boshlab “Kelajak” markazlari qoshida tashkil etilishi bejiz emas, — deydi viloyat “Kelajak” markazi madaniyat va san’at tadbirlarini tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i Nigina Xudoyberdiyeva. — Zero, markazlarimizda yoshlarning iqtidorini kashf etish barobarida ularni tarbiyalaydigan muhit bor. Shu paytgacha tanlov ma’lum bir mudatda o‘tkaziladigan an’anaviy tanlov edi. Endilikda maktablarda teatr to‘garaklari ham faoliyat yuritadi hamda asl iqtidorlar maktabdanoq sayqallanadi.
Xalqaro tajriba va milliy model: Dunyo bilan bo‘ylashish
“Kelajak” markazlari loyihasi doirasida Janubiy Koreya, Singapur, Finlyandiya va AQSH kabi davlatlarning eng ilg‘or ta’lim modellari o‘rganilgan. Biroq bu ko‘r-ko‘rona ko‘chirish emas. Kelajak markazlari milliy qadriyatlarimiz va mentalitetimizga moslashtirilgan. Bizning o‘quvchi o‘z milliy o‘zligini anglagan holda jahon standartlari darajasida bilim oladi. Bu esa “Milliy ruhda zamonaviy bilim” degan tamoyilning amaldagi ifodasidir.
— Maktab maslahatchilari maktablarimiz uchun zarurat edi, — deydi Termiz tumanidagi 31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.Jo‘rayeva. — Axir, bolaning qiziqishlari, uning iqtidori, sog‘ligi, fanlarni o‘rganishdagi bo‘shliqlar bilan ishlash tizimi hali to‘liq shakllangan emas. Maktab maslahatchilari bolalarga imkoniyatlar eshigini ochuvchi mayoq bo‘ladi.
Ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimiz yoshlar siyosati borasida yangi islohotlarni izchillik bilan joriy etmoqda. Endilikda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilandi.
Shu kuni sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitadi va muammosini hal qiladi. Shuningdek, eng yaxshi tomorqachi, fermer, sanoatchi, startapchi, ijodkor, ma’naviyat va boshqa sohalardagi yoshlar uchun qiziqarli mavzularda tanlovlar va yarmarkalar o‘tkaziladi.
Kelajak yoshlar qo‘lida, yoshlar bilan ishlovchi tuzilma esa pishiq va puxta ish tizimiga ega. Shunday ekan, endilikda tizimda kemtik bo‘lmaydi, yoshlarning kelajagi kam-ko‘stsiz bo‘lajak!
Xurshid KARSHIYEV

