2025-yil Qozog‘iston poytaxti — Astana shahri butun dunyo kutubxonachiligi tarixida yangi sahifa ochdi. Aynan shu yerda, zamonaviy Astana Congress centre binosida Xalqaro kutubxonalar assotsiatsiyasi va muassasalari federatsiyasi — IFLAning 89-Butunjahon kutubxona va axborot kongressi bo‘lib o‘tdi.Bu Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan yirik global forum bo‘lib, butun mintaqa uchun faxrli voqea edi. “Bilimni birlashtirib, kelajakni barpo etamiz” shiori ostida o‘tgan konferensiya dunyoning 110 dan ortiq mamlakatidan kelgan 1 600 dan ziyod ishtirokchini birlashtirdi.
Kutubxonachilar, olimlar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, madaniyat va nashriyot sohasi vakillari global miqyosda bilim, texnologiya va insoniyat o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Men ham Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi delegatsiyasi tarkibida ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘ldim.
Raqamli ro‘yxatdan o‘tish tizimi, ko‘p tilli ekranlar, interfaol yo‘riqnoma monitorlari — barchasi IFLAning texnologiyalarni faol tatbiq etayotganidan dalolat edi. Ochilish marosimi tantanavor ohangda boshlandi. IFLA prezidenti Barbara Lison o‘z nutqida shunday dedi: “Kutubxona — bu insoniyat xotirasi, kelajak avlodlarga yo‘l ko‘rsatuvchi mayoqdir. Biz bilimni adolatli taqsimlash orqali tinch va barqaror dunyoni quramiz”. Shu ondayoq his qilasan — bu yerda har bir inson o‘z kasbini nafaqat ish, balki insoniyat xizmatiga bag‘ishlangan missiya sifatida ko‘radi.
Bu yilgi kongressning eng muhim mavzularidan biri kutubxonachilikda sun’iy intellekt va raqamli innovatsiyalarni qo‘llash edi. Raqamli transformatsiya, ma’lumotlar xavfsizligi, ochiq ma’lumot siyosati va foydalanuvchi markazli xizmatlar deyarli barcha sessiyalarda markaziy o‘rinni egalladi. IFLA Data LAB tomonidan taqdim etilgan yangi texnologiyalar kutubxona ma’lumotlarini avtomatik tahlil qilish, foydalanuvchi ehtiyojlarini aniqlash va tavsiya tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan edi.
Qozog‘iston Milliy kutubxonasi taqdim etgan “DocAI” nomli sun’iy intellekt tizimi esa o‘quvchilarning qiziqishlariga qarab mos kitoblarni tavsiya qiluvchi innovatsion loyiha sifatida katta qiziqish uyg‘otdi. Finlyandiya vakillari global bibliografik tarmoqlarni integratsiya qilish va ochiq ma’lumotlar almashinuvi borasida olib borilayotgan ishlarini taqdim etishdi. Janubiy Koreya vakillari esa inklyuziv kutubxona xizmatlari — nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun ovozli interfeyslar, taktil ekranlar va qulay raqamli o‘qish tizimlarini namoyish etishdi.
Astana Congress centrening keng foyesida joylashgan devoriy taqdimotlari esa kongressning yuragi edi. Har bir taqdimot o‘ziga xos g‘oya, tajriba, yechimni mujassam etgandek, dunyoning turli burchaklaridan kelgan ishtirokchilarning ijodiy ishlari bilan bezatilgan edi. Men ham tadqimotlar orasida yurgan paytimda, har bir loyiha ortida fidokor kutubxonachilarning mehnati, izlanishlari va kelajak sari intilishlarini his qildim.
O‘zbekiston delegatsiyasi ham o‘z ishlanmasi bilan ishtirok etib, mamlakatimizda raqamli xizmatlar, o‘qish madaniyati va yoshlar uchun zamonaviy axborot muhitini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan tashabbuslar bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa, “Green Libraries” — ekologik barqaror kutubxonalar tashabbusi alohida e’tibor qozondi. Unda chiqindisiz arxiv tizimlari, energiya tejamkor yoritish texnologiyalari va ekologik ongni kuchaytirish yo‘llari haqida so‘z yuritildi.
Kongress nafaqat ilmiy, balki madaniy tajribalar almashinuvi bo‘ldi. Kongressning so‘nggi kunlari ham ilhom va ruh bilan to‘ldi. “Open Access for All” manifestining e’lon qilinishi ochiq bilim siyosatiga bo‘lgan global intilishning ramziga aylandi. Yosh kutubxonachilar uchun tashkil etilgan “Next Generation Award” mukofotlari eng ilg‘or, innovatsion g‘oyalarni ilgari surgan ishtirokchilarga topshirildi. Shuningdek, IFLA Data LAB tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt asosidagi yangi kutubxona tahlil platformasi ishga tushirilgani haqida ma’lum qilindi.
Astana — 2025 — bu nafaqat konferensiya, balki kutubxonachilik tarixidagi yangi bosqich edi. Texnologiyalar, madaniyat va inson qadriyatlari birlashgan bu maydon har bir ishtirokchiga ilhom, motivatsiya va yangi yo‘nalish berdi. O‘zbekiston delegatsiyasi uchun esa bu safar xalqaro tajribani o‘rganish, yangi hamkorliklar yo‘lini ochish va mamlakatimiz kutubxonalarini raqamli rivojlanish sari yo‘naltirish imkonini berdi.
Men uchun bu konferensiya faqat kasbiy voqea emas, balki shaxsiy o‘sish, yangi dunyoqarash va ishonch manbayi bo‘ldi. Har bir sessiyada, har bir suhbatda men kelajak kutubxonasini tasavvur qildim: ovozli yordamchilar, sun’iy intellekt asosidagi tavsiyalar, virtual o‘quv xonalari va raqamli madaniyat bilan boyigan, jonli muassasalar…
Kutubxona — bu o‘tmishdan olingan ilhom, hozirning imkoniyati va kelajakning yo‘nalishidir. Biz, O‘zbekiston kutubxonachilari ham shu yo‘lda dadil qadam tashlab, jahon kutubxonachiligi sahnasida munosib o‘rnimizni egallaymiz. Ha, kutubxona — bu tinchlik, bilim va taraqqiyot sari ochilgan eng ishonchli eshikdir.
Kongress davomida muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri — kutubxonalarning global barqaror rivojlanishdagi o‘rni bo‘ldi.
Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda kutubxonalar faqat kitob saqlovchi maskan emas, balki bilim, innovatsiya va jamiyatni birlashtiruvchi kuch sifatida tobora muhimroq ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, raqamli transformatsiya jarayonida sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va foydalanuvchi tajribasiga asoslangan xizmatlar muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ta’kidlandi.
Kongress zalida IFLA prezidenti keyingi yillarda tashkilotning asosiy vazifasi sifatida “Ochiq bilim siyosati”ni kengaytirish, ya’ni barcha insonlar uchun teng axborot imkoniyatlarini yaratish zarurligini qayd etdi. U kutubxonalar tinchlik, ijtimoiy barqarorlik va madaniyatlararo muloqot uchun eng qulay makon ekanini ta’kidladi.
Kongress doirasida o‘tkazilgan madaniy dasturlar ham unutilmas taassurot qoldirdi. Turli mamlakatlarning milliy kutubxonalari o‘z madaniyati, adabiyoti va san’atini tanishtirdi. Qozog‘iston mezbon sifatida mehmondo‘stligi, o‘ziga xos milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslari bilan hammaning qalbidan joy oldi. O‘zbekiston delegatsiyasi ham bu jarayonda faol ishtirok etib, xalqaro hamjamiyatga o‘z madaniyati, adabiyoti va mehmondo‘stligini tanishtirdi.
Kongress yakunida qabul qilingan “Open Access for All” manifesti — butun dunyo kutubxonalarini ochiq axborot siyosatini kengaytirishga da’vat etuvchi hujjat sifatida tarixda muhim iz qoldirdi. Unda kutubxonalar har bir inson uchun bilimga kirish huquqini ta’minlashda eng ishonchli vosita ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.
Bu yirik tadbir nafaqat kasbiy tajriba almashish, balki do‘stlik, hamjihatlik va yangi ilhom manbayi bo‘ldi. Har bir uchrashuv, har bir muloqot — yangi g‘oya, yangi imkoniyat sari ochilgan eshik edi. Astana kongressi shuni yana bir bor isbotladiki: kutubxona — insoniyatni birlashtiruvchi eng kuchli madaniy ko‘prikdir.
M.Abdushukurov,
Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori

