Ilinj

Date:

— Xolajon, men o‘lmasam bo‘ladimi? — dedi karavotda yotgan bola.

Uning boshida bir dona ham soch yo‘q. Terisi yashilsimon tusda. U fransuz komediyasidagi Fantomasga o‘xshaydi, faqat bu yerda kulgili hech narsa yo‘q. Aslo.

Oltinchi o‘n yillikdan oshgan sanitar ayolning butun vujudi titrab ketadi.

Bunga ko‘nikib bo‘lmaydi. Inson bunga o‘rgana olmaydi. Shuning uchun ham u inson deb ataladi.

— Bu nima deganing, jonim bolam! Albatta, o‘lmaysan… — deydi u, ko‘zlarida yosh qalqib.

— Xolajon, shanba kuni onamning tug‘ilgan kuni. Men sovg‘a tayyorladim… o‘zim qildim… lekin agar o‘lsam, uni qanday qilib beraman? Shanbagacha o‘lmay tursam bo‘ladimi? Maylimi, iltimos.

Onkologiya. Hayot bilan o‘lim orasidagi chiziqdan o‘tib ketganlar palatasi. Bu bolalar — allaqachon o‘lik, garchi tirikka o‘xshasalar ham, hatto gapirishsa ham… Bu yerdagilarning har biriga sanoqli kunlar qolgan. Balki haftalar, balki oylar. Mahkum bolalar — agar bundan ham dahshatliroq manzarani ko‘rganman desangiz, men sizga ishonmayman.

Unga hech narsa kerak emas. U faqat onasining tug‘ilgan kunigacha yashab, karton va rangli qog‘ozdan yasalgan arzimas sovg‘asini topshirishni istaydi, xolos. O‘zining ham, onasining ham hayotidagi eng qimmatbaho sovg‘a. Ey Xudo, onaga buni ko‘tara oladigan kuch ber! Uni aqldan ozib qolishdan asra…

Bizning dardimiz esa — iPhonelar, mashinalar va hasham. Ular bizda bor, lekin baribir yetishmaydi, nimadir yetishmayveradi. Bizda — oltin unitazlar. Muzlatgich ichiga “shunchaki ermak uchun” tashlab qo‘yilgan yeguliklar. Hatto kosmosga ham olimlar emas, turistlar uchyapti. Butun ilm-fan nafs ehtiyojlarini qondirish bilan ovora. Go‘zallik institutlari. Qarishga qarshi krem laboratoriyalari. Biroq XXI asr ilm-fani, padariga la’nat, saratonni, SPIDni, qolaversa, qancha o‘limli kasalliklarni yengishga ojiz. Gap “qo‘limizdan kelmaydi”da emas — istamasligimizda.

XXI asr ilm-fani. “Barchasi inson uchun!” degan yolg‘on shiorlar. Odam bolasini zombi qilayotgan gadjetlar, massaj qiluvchi qurilmalar, elita vositalar. Va yeb, semirmaslikka imkon beradigan tabletkalar. Shularmi inson uchun kerakli narsalar?..

… bola baribir shanbagacha yetib bormadi. U to‘rt kundan keyin vafot etdi.

Sarvar Rahimiy

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Oqarbuloq”da turar joylar, “Qoratepa”da “Eko bozor” qurilmoqda

Aholini zamonaviy, qulay turar joylar bilan ta’minlash, hududlarning shaharsozlik...

Loyihalar jadallashtirilsa…

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Oltinsoy tumaniga tashrifi davomida...

Bilim va iqtidor tantanasi

Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti tomonidan o‘tkazilgan AIFU matematika...

Tozalik nazorat ostida

Sariosiyo tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik huquqbuzarliklarning oldini...
KunTun
KunTun