Surxondaryo viloyatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda viloyat rahbarining hududlarga amalga oshirayotgan tashriflari doirasida aniq loyihalar ko‘rib chiqilib, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.
Viloyati hokim Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrifi davomida “Surxon kombinati” MCHJga tegishli bo‘sh binolarda temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish klasterini tashkil etish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur loyihani investitsiya shartlari asosida salohiyatli tadbirkorlarga ajratish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyiha taqdimoti jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tijorat banklari rahbarlari hamda tegishli mas’ullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Shuningdek, hududdagi boshqa bo‘sh binolar ham ko‘zdan kechirilib, ulardan samarali foydalanish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Shundan so‘ng, “Janubiy Surxon suv ombori” hududida barpo etilayotgan ekoturizm kompleksi loyihasi qurilish ishlari o‘rganildi. Viloyat rahbari kompleks hududidagi lotlarda o‘z loyihalarini amalga oshirish istagida bo‘lgan tadbirkorlar bilan suhbatlashib, ularning taqdimotlari bilan tanishdi. Mutasaddilarga loyihaning keyingi bosqichidagi ishlarni jadallashtirish, yer maydonlarini auksion savdolariga chiqarish hamda lotlarda qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha vazifalar topshirildi.

