“Tashabbusli byudjet” doirasida loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi. Endilikda agar mahalla aholisi loyiha qiymatining 50 foizini to‘play olsa, qolgan qismi davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Mazkur tartib budjet tashkilotlariga oid loyihalarga tatbiq etilmaydi va sherikchilik asosida ishtirok etish ixtiyoriy hisoblanadi.
Hujjatga muvofiq, loyihani g‘olib deb topish uchun zarur bo‘lgan minimal ovozlar soni 50 taga yetkazildi. Jihozlash loyihalarining eng yuqori qiymati esa BHMning 2 ming barobari etib belgilandi. Shuningdek, ayrim mahallalar uchun “tanaffus” berish amaliyoti bekor qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, ovoz berish yakunidan so‘ng 10 kun ichida qo‘shimcha g‘olib loyihalarni aniqlash bo‘yicha alohida bosqich o‘tkaziladi. Bunda tuman (shahar) kengashi deputatlari qo‘shimcha budjet mablag‘lari hisobidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari esa g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan bittasini tanlash orqali loyihalarni qo‘llab-quvvatlash vakolatiga ega bo‘ldi.
Yangi tartiblar aholi faolligini oshirish, mahallalarning o‘z tashabbusi va mas’uliyatini kuchaytirish hamda muhim loyihalarni davlat va jamoatchilik hamkorligida amalga oshirishga xizmat qiladi.

