Assalomu alaykum, hurmatli termizliklar!
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llash, bilim va mahoratini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugun Termiz shahrida ham o‘z ustida tinimsiz ishlayotgan, ilm-fan, sport, san’at va texnologiya yo‘nalishlarida yuksak natijalarga erishayotgan yoshlarimiz ko‘pligi quvonarli holatdir.
Bugun internet hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Davlat xizmatlaridan foydalanish, onlayn to‘lovlar, masofaviy ta’lim, savdo-sotiq va boshqa qulay imkoniyatlar odamlarimizga katta yengillik yaratmoqda. Shu bilan birga, internetdan noo‘rin foydalanish oqibatida vaqtni behuda sarflash, zararli kontent ta’siriga tushish yoki firibgarlik holatlariga duch kelish xavfi ham ortmoqda. Afsuski, ba’zi holatlarda bu yoshlarning xulq-atvoriga, dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni noto‘g‘ri yo‘lga boshlashi mumkin.
Termiz shahrida barqaror ijtimoiy muhitni mustahkamlash, mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha mutasaddi idoralar, mahalla faollari va jamoatchiligimiz bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda. Natijada profilaktika choralarining ijobiy samarasini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, ayrim yoshlar va fuqarolar tomonidan qonunga zid xatti-harakatlar sodir etilayotgani ham kuzatilmoqda. Bu, eng avvalo, oilaviy tarbiya, ta’lim-tarbiya jarayonidagi bo‘shliqlar, bo‘sh vaqtning mazmunli tashkil etilmasligi, internetdan noto‘g‘ri foydalanish kabi omillar bilan bog‘liq.
Xalqimiz azal-azaldan xotin-qizlarga alohida hurmat ko‘rsatgan, jamiyatda ularning o‘rni doimo yuksak qadrlangan. Bugun davlat siyosatida ham ayollarning muammolarini o‘rganish, ularga ko‘maklashish, oilaviy muhitni mustahkamlash bo‘yicha aniq mexanizmlar joriy etilgan. Shunga qaramay, ayrim noxush holatlar xotin-qizlar orasida ham uchrab turibdi — bu esa barchamizni ogoh bo‘lishga, hamjihatlikda ishlashga undaydi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi tezkor davrda har birimiz oilamiz, farzandlarimiz va atrofimizdagilar uchun mas’ulmiz. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘naltirish, zararli odatlardan himoyalash — barchamizning vazifamiz. Mahallalarda hamjihatlikni mustahkamlash, ijtimoiy faollikni oshirish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda fuqarolar bilan hamkorlik bizga yanada ulkan natijalar beradi.
Termiz shahar prokuraturasi aholimiz bilan birgalikda xavfsiz, osoyishta va sog‘lom ijtimoiy muhitni yaratish yo‘lida faoliyatini izchil davom ettiradi.

