Yurtimizda har bir mahallaning qiyofasini tubdan yangilash, moddiy-texnik bazasini muhtahkamlash, odamlarni rozi qilish, ularning muammolarini hal etish eng oliy maqsadimizdir.Ayniqsa, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, migratsiyadagi fuqarolar bilan doimiy ishlash hamda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini hayotga tatbiq etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Ayni mezonda o‘tkazilayotgan tanlovlar ham aholi orasida obodonlashtirish tashabbusini oshishiga, ezgu amallarga boshlash bilan birga, birdamlikka, hamjihatlikka chorlayotgani ham bor gap.
Ushbu tashabbusga javoban esa rag‘bat ham kishini ruhlantirishi aniq. G‘olibning avtomobil yoki pul mukofotlari bilan taqdirlanishi esa kishi ishtiyoqini yanada oshiradi. Viloyatimiz shahar va qishloqlarida ham “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” tanlovining davom etayotgani esa obodlik, bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘layotganlarning shijoatidan hikoya qiladi.
Tashabbusning asosiy maqsadi — mahallalarni yanada go‘zal va obod qilish, xonadonlarda ozodalik, ko‘chalarda esa tartib va poklikni ta’minlash hamda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bunyodkorlik va mehr-oqibat ruhini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirlarda mahalla aholisi, yoshlar va faollar tomonidan obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, namunali xonadonlar va ozoda ko‘chalar ko‘zdan kechirilayotir.
Eslatib o‘tish joizki, tanlovning mahalla bosqichida g‘olib deb topilgan xonadon va ko‘chalar tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etadi. Bu esa mahallalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirib, obodlik va farovonlikka xizmat qiladi.
Ana shunday bunyodkorlik ishlariga hamohang tarzda Termiz tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivining birinchi bosqich xonadonlari foydalanishga topshirilishi voha ahli uchun alohida xursandchilik bo‘ldi.
2023-yilda qurilishi boshlangan ushbu massiv o‘z ko‘lami, turarjoy va noturarjoy binolari, ijtimoiy hamda iqtisodiy obyektlari bilan viloyatdagi eng yirik massivlardan biri hisoblanadi. 55,5 gektar yer maydonida qad rostlayotgan massivning asosiy qismi —
28,5 gektar maydonda muhtasham inshootlar qurilayotgan bo‘lsa, 27 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilayotir.
Birinchi bosqich doirasida
6 ta 16 qavatli, 560 xonadonli turarjoy binolari foydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Alisher Amirov, mutasaddilar, qurilish kompaniyalari mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
— Mazkur massiv nafaqat yangi uylar majmuasi, balki butunlay yangi turmush falsafasini olib kiradi, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari A.Amirov. — Bu yerda maktab, bog‘cha, tibbiyot punkti, sport majmuasi kabi zarur infratuzilmalar bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Maqsadimiz — aholiga qulay, xavfsiz va zamonaviy yashash muhiti yaratishdir.
Bayramona o‘tkazilgan ochilish marosimida qurilish kompaniyalari tomonidan turli ko‘ngilochar o‘yinlar, yutuqli tanlovlar ham o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jahongir Poziljonov va boshqa taniqli san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan ishtirok etib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Mahallalar obodligi — jamiyat farovonligining muhim ko‘rsatkichidir. Termiz tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangi massivlarning barpo etilishi va obodonlashtirish tanlovlarining o‘tkazilishi aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bunday tashabbuslar nafaqat hudud qiyofasini o‘zgartiradi, balki odamlar qalbida bunyodkorlik, mehr-oqibat va birdamlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Termiz — bunyodkorlik va birdamlik manzili
Date:

