Bugungi globallashuv va axborot asri ta’lim tizimi oldiga yuksak talablarni qo‘ymoqda. Bu jarayonda maktabning muvaffaqiyati, avvalo, uni boshqarayotgan rahbarning salohiyati, qarashlari va liderlik qobiliyatiga bog‘liq. Zero, maktab direktori ta’lim muassasasining yuragi, jamoani birlashtiruvchi kuchi va o‘zgarishlarga turtki beruvchi asosiy shaxsdir. Amerikalik pedagog John C. Maxwell “Liderlik — bu lavozim emas, balki ta’sir o‘tkazish san’atidir”, deganida ham
aynan mana shu haqiqatni ta’kidlashni istagan. Zamonaviy maktablar uchun shunday rahbarlar juda zarur — ular
bilim maskanini nafaqat o‘qitish joyi, balki mehr, ijodkorlik va birlik muhitiga aylantira oladigan insonlardir.
Ta’lim sohasida mana shunday fidoyi rahbarlardan biri — viloyat Direktorlar kengashi a’zosi, Qumqo‘rg‘on tuman ixtisoslashtirilgan maktab direktori Dilfuza Qo‘ziyevadir.
U o‘zining vazminligi, dono qarorlari, yuksak mas’uliyati va insoniy fazilatlari bilan jamoa hurmatiga sazovor bo‘lgan. Rahbar sifatida har bir masalaga puxta yondashishi, yangiliklarni quchoq ochib qabul qilishi va intiluvchanligi uni boshqalardan ajratib turadi.
Dilfuza opa jamoasini yagona maqsad — ta’lim sifati va samaradorligini oshirish sari yetaklay oladi. O‘z faoliyati davomida maktabni yanada zamonaviy o‘quv maskaniga aylantirish, ta’lim jarayonini takomillashtirish yo‘lida tinimsiz izlanib keladi. U o‘qituvchilar va o‘quvchilarga mehribon rahbar bo‘lish bilan birga, jamoada hamfikrlik va o‘zaro ishonch muhitini shakllantirgan.
“Rahbarning kuchi — jamoasining ishonchidadir”, degan fikrlari amalda ham o‘z isbotini topgan. Rahbar ayol yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlaydi, tajribasi bilan bo‘lishadi va
ularga o‘rnak bo‘lishni o‘zining burchi deb biladi. Ta’lim tizimida yuksalish, avvalo, rahbarning iste’dodi va mas’uliyatiga bog‘liq. Dilfuza Qo‘ziyeva kabi fidoyi, zamonaviy fikrlaydigan va jamoasiga tayanadigan rahbarlar ko‘paygani sayin, mamlakatimiz ta’limi yanada rivojlanadi, yutuqlar ko‘payadi. Muvaffaqiyatli maktab — bu kuchli
jamoa, kuchli jamoa esa donishmand rahbar qo‘l ostida shakllanadi. Shunday rahbarlar bor ekan,
ta’lim taraqqiyoti ham izchil davom etadi.
Nargiza Jumayeva,
Viloyat Direktorlar kengashi a’zosi, Muzrabot tuman ixtisoslashtirilgan
maktab direktori

