Majolis un-naf(oyi)s

Date:

Demak, hazrat Navoiy davrida ham majlislar bo‘lgan. Shundan ruhlanib, cheksiz motivatsiya olgan holda ulug‘ shoir “Majolis un-nafoyis” asarini yozgan. Majlislarda soatlarini, ehtimol kunlarini yo‘qqa chiqargani evaziga o‘nlab bunyodkorlik ishlariga ulgurganlar, qisqa muddatda ma’nan buyuk asarlarni yozib tugatganlar. Mening aqli ojizimcha, Navoiyning ham qora ho‘kiz terisidan tortib jildlangan daftarchasi — bo‘laknoti bo‘lgan. Ko‘rganini, eshitganini yozib borgan.Hazrat haqida so‘zlashga ne qadar haqqimiz bor bilmadig-u, bugungi majlislarda qoralagan qog‘ozlarim kelajakda yosh pedagoglar uchun dasturulamal bo‘lishi shubhasiz.
Yil boshidagi birinchi yig‘ilish:
“Gapimni qisqa qilaman (vaholanki, uch soat davom etgan majlisning boshlanishida aytiluvchi nodir jumla). Mudir kelar ekan, sinf rahbarlari xonangizni yangi o‘quv yiliga tayyor qiling, hamma joy top-toza bo‘lsin. O‘tgan yili qilingan oq surpni yig‘ib ol. Uyalmaysanmi, sinf rahbarlik uchun beriladigan 300 mingni qurutday sanab olasanlar. Davlat senlarga shunchaki berayotgani yo‘q! Halollab ol, insof topkurlar! Chexolni yangilaysanlar. Eshitishni ham xohlamayman. Kecha yig‘ilishga borgandim. 35-maktabdan nima kaming bor. Oynalik stend qilibdi, derazalariga jalyuzi, har bir xonada televizor… unday sharoitni kim qilgan? O‘qituvchi qilgan. Sinf rahbarlar ishlamaysanlar. Ma’naviyatchi, oling bulardan sinfni ishlayman deganiga bering. Ota-onalar homiylik qilsin. Ular ham sizlarga o‘xshagan odam. Ishni tashkillashni bilmaysan. Birortang, yoz bo‘yi ota-onalar bilan yig‘ilish qildingmi? Yangi o‘quv yilini muhokama qildingmi? Ishla-may-san. Oling bulardan… Ro‘zg‘origa shu 300 mingni olib borolmay qolsin. Keyin aqli kiradi. Aytganday, hech biring ota-onalardan pul so‘rama. Ana 36-maktabda bittasi yozib beribdi. Davlat pul ajratsa ham, bizdan pul yig‘di deb. Meni aralashtirmalaring…”
Bunday ovoz tonining yuqoriligidan miyangda choy qaynab hovliga chiqasan — xona tozalashga ham, ikkinchi qavatga ko‘tarilishga ham holing qolmaydi. Oq surpni yig‘ib olarkansan, derazada silkingan pardaga ham alvido deysan. Endi ikkalasi ham yangi bo‘lishidan ko‘ngling ayniydi. Bu bahri-dili ochiladigan sharoit emas, yil boshidan “xarajat” bo‘lib cho‘ntagingni o‘yib ketadi. Bir amallab o‘quv yilini boshlaysan. Hali birinchi kundayoq yig‘ilish:
“Bizga topshiriq keldi. Oliy toifalar 20 soatdan dars oladi. Undan bir soat ham ko‘p emas. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash kerak ekan. Undan ko‘ra yetmish foizni ol hammang. Birinchi toifa
18 soat, ikkinchilar
16, mutaxassislar 12 soat.
Shuncha payt nima qildilaring?! Darsni ham qoyillatib o‘tib qo‘yganing yo‘q. Nima, tumanda o‘qishga kirish bo‘yicha 4-o‘rinda bo‘ldi degani sening bergan bilimingni anglatmaydi. Ba’zilaring 20 yildan beri ishlaysan, hali ikkinchi toifani ham olganing yo‘q (o‘zi toifa attestatsiyasiga kirmaganiga 20 yil bo‘lgan direktorning tanbehi edi bu). Kimdir shu payt g‘ong‘illab qo‘yadi: “Toifani shu uchun oldikmi?” Nima dedingiz, o‘rtoq… Toifani o‘zingiz uchun olgansiz, sertifikatni ham o‘zingiz uchun olgansiz. Maktabga biror tiyinlik foydasi tegdimi? Yigirma soatdan bir soat ham ko‘p olmaysiz. Toifangiz ham qiziqmas, sertifikatingiz ham. Ana ko‘cha to‘la kadr. Oliy toifa bilan ish izlab yuribdi…” Nafaqat direktorning, balki yig‘ilishni yanada cho‘zgani uchun butun kollektivning qarg‘ishiga mubtalo bo‘lgan ustoz 20 soatga rozi bo‘lib ish boshlaydi…
Innankeyin deng, uch soat dars o‘tganimizdan keyin tezkor yig‘ilish chaqiriladi. Kadrlar bo‘limi menejeridan SMS: “Assome alikum! Xurmatli ustozla! Soat
12 da drektir xuzurida yig‘lish. Xamma qatnashishi shart. Tiligramda izox qoldiring”. Izoh qoldirib, yig‘ilish o‘tkaziladigan 11-sinf
xonasiga shoshamiz. Tongdan shu xonadan chiqqan o‘qituvchilar yana yig‘ilamiz. Yana otashin nutq boshlanadi.
“Aytdimmi-aytdim. Mudir aytdi. Ikkita sinf yopilishi kerak ekan. Shu mahallada yashaydigan bir qiz bor ekan, ishga olib, 10 soat dars berar ekanmiz. Talabalarga yarim stavkagacha dars o‘tish mumkin. Qirg‘izistonda o‘qir ekan” (Xonada pichir-pichir boshlanadi. Mahalliy o‘qituvchilar mahalladagi talabalarni xomcho‘t qiladi. Kimdir yurak yutib: “Talabaga 10 soat mumkin, mutaxassis esa 12 soat bilan qoladimi”, deydi. Erkak direktorning chiyillagan ovozidan hamma o‘z pozitsiyasini saqlaydi. Sukut alomati rizo). Aytganday, boshlang‘ichlar, dars setkasini qayta qilinglar. Istamasang, ket, yo‘qol hammang. Zavuch, ertadan hammasining sinfiga tahlilga kirasiz, hech biriga javob yo‘q. Kadrlar keldi-ketdi qilasiz. Siz to‘garagiga qarang. Bularni sizlasa, yelkangizga minadi. Men o‘zimnikini olib kelyapmanmi, aytilgan topshiriq. N. aka, ayting, siz ham rahbar bo‘lgansiz, katta nima desa shu-da. Menga qolsa, ishchi olarmidim…”
Yangi xodim ham ish boshlaydi. Keyin bilsak, u tumandagi maktablardan birida direktorlik qilayotgan xolaning qizi-yu tanish-bilishchilik bo‘lib chiqadi. Mudir ham yo‘q joydan og‘zi qon bo‘lib qoladi. Chunki hech kim mudirdan so‘ramaydi ham…
Bunday yig‘ilish mana siz gazeta o‘qiyotgan paytda ham davom etayotgan bo‘ladi. Chunki topshiriq ko‘p. Kimdir keladi deb kutganimiz bor. Ishonasizmi, bir oydan beri maktabni to‘yoldi ta’mirdan chiqarilganday ko‘rsatish uchun harakatdamiz. Vazir keladi degan gap shunchalik yod bo‘lib ketdiki, vazir kelib qolsa ham hayratlanmaydigan holatga keldik. Eng yomoni, bizning har birimizga direktor xonasiga chaqirilib tushuntirildi. Maktabda o‘quvchi soni ko‘p, maktab bu ketishda uch smenali bo‘ladi, yangi bino qurilishi kerak degan gapni, kamchiliklarni aytmasligimiz kerak ekan. Aslida u kishining o‘zi bizda nima borligini bilishi kerak, aytmasak ham bo‘ladi, rahbarlar yetkazar deb o‘ylagandik. Bilsak, hammasi “chiki-chiki” ekan — maktabimiz kamchiliklardan xoli maktab sifatida rayONO peshlavhasiga ilinmabdi, xolos. Nima ham derdik…
“Majolis un-nafs” deya sarlavha qo‘yganimda kim qanday tushundi bilmadim-u, ammo aytgim keldi: “Nafs” so‘zi odatda insonning o‘zligi, “men”ligi, “ego”si ma’nosini bildiradi, lekin u shuningdek nafsni ham anglatishi mumkin, masalan, manmanlik va boshqa salbiy xususiyatlar. Nafs – bu insonning moddiy mavjudligi, zoti va undagi salbiy istaklar bilan bog‘liq bo‘lgan tushunchadir”. Majlislarimiz manfaatlar quroliga aylangani bois ham natijalar moddiylashdi, ma’nan hech narsaga erisha olmayapmiz. Navoiy qanday qilib shunday meros yaratdi ekan?!
Rivojlangan davlatlardan “yuqtirilgan” “besh daqiqalik” atalmish majlislar ba’zi korxona-tashkilotlarda tushga qadar cho‘zilganiga guvohdirsiz. Bizning maktab ham shundaylardan — axborot texnologiyalari taraqqiy topishi ortidan xodimlarga kunlik topshiriq va ko‘rsatmalar berish tartibi G‘arbda elektron ko‘rinishga o‘tdi — biz esa jonli diydorni afzal ko‘ramiz, g‘animat bilamiz.
Davlatimiz rahbari amaliyotda bo‘lgan turli tongotar majlislarga chek qo‘ydi. Yaqinda mahalla tizimi islohotlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda “Mahalla “yettiligi”ning yarim kuni turli majlislarda o‘tmoqda!” deb mas’ullarga qattiq tanbeh berganida esa bu masala yana kun tartibiga chiqdi. Endi yig‘ilishlar kamayar desak, yettilikning o‘zi ikki soatlik ma’ruzasi bilan yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar ijrosi bo‘yicha biz bilan fikr almashdi. Nima qilaylik, ishimiz bir-biriga uyqash. Biz shu mahallaning bolalarini o‘qitamiz, ular esa bizni…

Majlisda FAOL

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

1,7 milliondan ortiq aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “To‘palang suv ombori suvlaridan...

Yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda

Hududlarda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, yangi...

Majolis un-naf(oyi)s

Demak, hazrat Navoiy davrida ham majlislar bo‘lgan. Shundan ruhlanib,...

Siz bahorning o‘zisiz — Ustoz

Men bahor faslini yoqtiraman. Chunki ustozim — yuragimdagi eng...
KunTun
KunTun