Yurtimizda Prezident tashabbusi bilan ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustah-kamlash, ilmiy yondashuv va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida Termiz davlat universitetida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning tadbirkorlar, olimlar, professor-o‘qituvchilar va ijodkor yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
“Fan–ta’lim–ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etgan iqtidorli talabalar va ilmiy jamoa vakillari o‘z startap loyihalari, ilmiy ishlanmalari hamda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi yangi g‘oyalarini taqdim etdilar. Har bir loyiha — yoshlarning ilmga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi va yangilik sari qat’iy intilishini yaqqol namoyon etdi.
Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bugungi kunda ta’lim maskanlari nafaqat bilim beruvchi dargoh, balki yangi g‘oyalar va kelajak texnologiyalarining inkubatori sifatida shakllanmoqda. Uchrashuvda bu jihat alohida ta’kidlanib, yoshlarning startap tashabbuslarini amaliyotga joriy etish masalalari keng muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida “Spin Off” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Ushbu loyiha yosh olim va tadqiqotchilarning g‘oyalarini ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etish, ularni iqtisodiyotga foyda keltiruvchi real mahsulotga aylantirish imkonini bermoqda. Tadbirda hokim, tadbirkorlar va ilmiy jamoa vakillari o‘zaro fikr almashib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Yoshlarning zamonaviy kasbiy tayyorgarligini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida “Surxondaryo – Yaponiya xalqaro texnikumi”ni tashkil etish loyihasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Bu loyiha yoshlar uchun dunyo standartlariga mos ta’lim olish, yangi texnologiyalarni egallash hamda global mehnat bozorida raqobatbardosh kadrga aylanish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov talabalar bilan samimiy suhbat o‘tkazib, ularning fikr va takliflarini diqqat bilan tingladi. U yoshlarni bilim, izlanish va yangilikka intilish yo‘lida faol bo‘lishga chaqirdi:
“Bugun sizlar — ertangi kunning ilmiy yetakchilari, innovatsion iqtisodiyot poydevorini yaratuvchi yosh avlodsiz. Har bir tashabbus, har bir g‘oya sizning kelajagingizni, yurtimiz taraqqiyotini belgilaydi”.
Mazkur uchrashuv nafaqat fikr almashuv maydoni, balki yoshlar uchun ilmdan amaliyotga o‘tish, orzudan reallikka yo‘l olish bosqichi bo‘ldi.
Bugun dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, rivojlangan davlatlar taraqqiyotining asosi — fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uyg‘unligidadir. Ana shu birlikni mustahkamlash orqali yurtimizda ham iqtisodiy o‘sish, innovatsion mahsulotlar yaratish va yangi ish o‘rinlarini ta’minlash imkoniyati yanada kengayadi.
Surxondaryolik yoshlar bu yo‘lda faol, izlanuvchan va ijodkor. Ularning har bir startapi, har bir ilmiy izlanishi — bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki butun viloyat va mamlakat kelajagiga qo‘shilgan ulkan hissa. Hokimlik, tadbirkorlar va universitetlar o‘rtasidagi bunday uchrashuvlar esa bu jarayonni tezlashtiruvchi ko‘prik vazifasini bajaradi.
Yoshlar — ilm va innovatsiya chorrahasida
Date:

