Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan har qanday davlatda insonlarning ijtimoiy himoyasi birinchi galdagi vazifa hisoblanadi. Mazmun-mohiyatiga ko‘ra, bugungi davrda o‘zaro tenglik, osoyishtalikni saqlab turish uchun, avvalo, mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash talab etiladi.Tarozining ikki pallasi bo‘lganidek, davlatchilikda ham muvozanatni saqlash-ning o‘z mezonlari mavjud. Buningsiz tenglik va adolat bo‘lmaydi. Qachonki, qarov va parvarishga, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand vatandoshlar ko‘makka muhtoj tursa-yu, e’tibor bo‘lmasa, bunday siyosatda adolat va tenglik ta’minlanmaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasiga “ijtimoiy” so‘zining qo‘shilishi, mamlakatimizda ana shunday tenglikka ehtiyoj sezilayotgani, bu borada amaliy harakatlar bo‘layotganligidan dalolat beradi. Ya’ni “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” maqomiga ega. Konstitutsiya belgilab bergan huquqiy asosga ko‘ra, mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili amal qilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” sharoitida ijtimoiy himoya tizimi yangi bosqichga ko‘tarilayotganligini bugungi kunda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning samarasida ham ko‘rish mumkin. Kuni kecha viloyatimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritish va aholi xabardorligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun uyushtirilgan “Press-tur” shu mavzuga bag‘ishlandi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Termiz shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda yaqinda ish boshlagan “Media markaz” faoliyati ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Studiya shaklida tashkil etilgan markazda intervyu, reportaj va suhbat uyushtirish imkoni mavjud.
— Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ijtimoiy himoya sohasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan dasturlar va aholi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni tezkor va ishonchli axborot orqali jamoatchilikka yetkazishdan iborat, — deydi viloyat “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi axborot xizmati rahbari Avazbek Eshtemirov.
Uchrashuvda axborot siyosatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, aholiga sifatli axborot yetkazish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, “Media markaz” faoliyatini yanada kuchaytirish hamda ijtimoiy xizmatlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Press-tur ishtirokchilari Termiz shahrining “Manguzar” mahallasida joylashgan “Faol hayotga qadam” loyihasi doirasida tashkil etilgan kunduzgi parvarish markazida bo‘lishdi. Yakka tartibdagi tadbirkor O‘g‘ilshod Xonova tomonidan joriy yil 1-iyunda davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘lga qo‘yilgan mazkur markazda hozirda 17 nafar fuqaro kunduzgi parvarish xizmati bilan qamrab olingan. Shu bilan birga, loyiha orqali o‘nga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan.
“Faol hayotga qadam” loyihasi shunisi bilan ahamiyatliki, parvarishga muhtoj fuqarolar uchun kunduzgi qatnov shaklidagi qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni tadbirkor tomonidan fuqarolar ertalab uyidan olib kelinib, kechqurun yana eltib qo‘yiladi. Kun davomida bemorlar hamshiraning ko‘rsatmasi asosida salomatliklarini tiklash uchun maxsus mashqlar bajarishadi. Ishtirokchilarga issiq ovqat beriladi. Eng asosiysi, bu xizmatlar barchasi bepul amalga oshiriladi.
— Ushbu markazga qatnay boshlaganimga 5 oy bo‘ldi, insult olganman, chap qo‘lim yaxshi ishlamas edi. Qon bosimim doim baland yurardi. Bu yerdagi parvarishlar sabab, hozir ancha yaxshiman, qon bosimim ham me’yorida, — deydi Gulchehra Loshiyeva.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida joylashgan 66-maktabda tashkil etilgan inklyuziv ta’lim jarayonlari press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ayni paytda maktabda nogironligi bo‘lgan 7 nafar bola ta’lim olmoqda; ular uchun kutubxona, robototexnika va amaliy fanlar xonalari zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlangan. Shuningdek, korreksion va tibbiy xizmatlar ham maktabning o‘zida tashkil etilgan. Bu esa alohida ko‘makka muhtoj bolalarning ijtimoiy hayotga integratsiyalashuvi hamda teng imkoniyatlar muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida jurnalist va blogerlar Angor tumanidagi “Yangi turmush” mahallasida joylashgan 1- va 2- “Oilaviy bolalar uyi” faoliyati bilan ham tanishdilar. Hozirda mazkur muassasalarda 13 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola tarbiyalanmoqda. Ko‘ngli o‘ksik bolajonlar bu yerda “Oilaviy bolalar uyi”da oilaviy muhitda tarbiyalanishmoqda.
Tashrif davomida bolalar uylarida tarbiyalanuvchilarning ta’lim-tarbiyasi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Bolajonlar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, ularning orzu-istaklari, kelajak rejalari va o‘z ustida ishlashga bo‘lgan ishtiyoqi tinglandi. Shu orqali ishtirokchilar bolalarga yaratilgan mehr va g‘amxo‘rlik muhitini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.
Shundan so‘ng, og‘ir ijtimoiy sharoitdan chiqib, muvaffaqiyatga erishgan shaxslar ishtirokida “Matonat maktabi marafoni” doirasida davra suhbati o‘tkazildi. Suhbat davomida ishtirokchilar ularning muammolari, taklif va ehtiyojlarini tinglab, ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy fikrlar bildirdilar.
Press-tur yakunida Termiz shahridagi “Turon” mahallasida istiqomat qiluvchi oilaviy tadbirkor Furqat Qurbonov xonadoniga tashrif buyurildi. Oilaviy tadbirkor o‘z xonadonida non va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish orqali 7 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayolni ish bilan ta’minlaganligi tahsinga loyiq.
X. TOG‘AYMURODOV

