Sulton Saodatmi yoki Sodot?

Date:

Termiz qadimdan “sayyidlar makoni” sifatida tanilib kelgan shahar. Bu zamin o‘zining buyuk tarixiy shaxslari, ilm-u irfon ahli hamda muqaddas zotlari bilan mashhur.XVI asrda yashagan mashhur tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy Termizni “avliyo va sahobalar makoni” deb ta’riflagan. Bu bejiz emas, chunki Buxorodagi Jo‘ybor shayxlari singari Termiz sayyidlari ham o‘z davrida yurt ma’naviy hayotida ulkan o‘rin egallagan, xalq orasida yuksak ehtiromga sazovor bo‘lgan.
Ana shunday ulug‘ zotlar dafn etilgan muqaddas maskanlardan biri – Sulton Saodat maqbarasi bo‘lib, u Termiz shahrining shimoliy qismida joylashgan. Ushbu yodgorlik XI–XVII asrlar oralig‘ida barpo etilgan bo‘lib, unda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) avlodlariga mansub zotlar dafn etilgan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, bu joyda birinchi bo‘lib Hasan al-Amir dafn etilgan. U Payg‘ambarimiz avlodlaridan bo‘lib, 865-yilda Samarqanddan Termizga ko‘chib kelgan. Rivoyatlarga ko‘ra, u bugungi “Qirqqiz” obidasidan Salovatgacha bo‘lgan hududlarni obod etgan, kanallar qazdirgan, bog‘lar barpo etgan. U shu yerda vafot etib, dafn etilgan, XI asrda esa uning qabri ustiga dastlabki maqbara qurilgan.
Majmuaning nomi ham o‘ziga xos ma’naviy mazmunga ega. Ko‘pchilik “Sulton Saodat” nomini ayol ismi bilan bog‘lasa-da, aslida u “Sulton as-Sodot” yoki “Sulton us-Sodot” shaklidan kelib chiqqan. Arab tilida “Sulton” so‘zi “dalil, hujjat, inkor etib bo‘lmaydigan isbot” ma’nosini bildiradi, “Sodot” esa “sayyidlar”, ya’ni Payg‘ambar avlodlarining ko‘plik shakli. Shu bois “Sulton as-Sodot” – “sayyidlarning hujjati”, “ularga berilgan ilohiy dalil” degan chuqur ma’noni anglatadi.
Asrlar davomida bu maskan Termiz tarixining ajralmas qismiga aylangan. Sulton Saodat majmuasi o‘z davrining me’morchilik san’atini, diniy e’tiqodini va ma’naviy qadriyatlarini mujassam etgan yodgorlikdir. Majmua 2002-yilda va yana 2019-yilda qayta ta’mirlanib, atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, zamonaviy masjid ham bunyod etildi.
Bugungi kunda Sulton Saodat nafaqat tarixiy obida, balki Termiz va butun Surxondaryo viloyati aholisi uchun ruhiy maskan, ma’naviyat manbayi sifatida qadrlanadi. Bu muqaddas joy o‘zida asrlar davomida shakllangan diniy meros, milliy qadriyat va ajdodlar e’tiqodini mujassam etib, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlab kelmoqda.

Mustafo Jumayev,
TerDU o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Vatanni tanlab bo‘lmaydi…”

Donolarning: “Bu dunyoda ota-onani va Vatanni tanlab bo‘lmaydi”, degan...

TERMIZIYLARNING BENAZIR MEROSI

Surxon zamini ulug‘ mutafakkirlar, olim-u fuzalolar yurtidir. Ayniqsa, IX...

Yondashuv xolis, korrupsiya ojiz…

Bugun viloyatimizda sport sohasini rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga...

Bolalarning “nuroniy” kutubxonasi

Joriy yil davomida viloyat bolalar kutubxonasi yosh avlodni kitobxonlikka...
KunTun
KunTun