Mamlakatimiz hududida ilk shaharlar qachon paydo bo‘lgan yoki ilk davlatchilik qachon shakllangan, shu masalalar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan sinflar-siyosiy guruhlar qachon tug‘ulgan, degan savollar barchani qiziqtirsa, ajab emas.
Bu savolga qisqa qilib, “Baqtriya zaminida” deb javob berish mumkin. Ammo bu jarayonlar murakkab va uzoq tarixiy davrlarni qamrab olgani bois, ularni faqat arxeologik ashyoviy dalillar asosida tushunish, tushuntirish mumkin.
Bronza davri (miloddan avvalgi
III ming yillik o‘rtalaridan miloddan avvalgi I ming yillik boshlariga qadar) O‘rta Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida muhim bosqich bo‘lgan. Aynan shu davrga oid Sopolli madaniyati O‘zbekiston janubida shakllangan bo‘lib, u nafaqat me’morchilik, balki kulolchilik, metalsozlik, tosh ishlovchilik kabi barcha moddiy madaniyat sohalarida simmetriklik va geometriyaga asoslangan yondashuvni o‘zida mujassam etadi.
Sopollitepa — Muzrabot tumanidagi qadimgi yodgorlik bo‘lib, 1968-yilda L.I. Albaum tomonidan topilgan va akademik Ahmadali Asqarov rahbarligida keng miqyosda o‘rganilgan.
Yodgorlik taxminan 3 gektar maydonni egallaydi, uning markaziy qismi mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan. Qal’a ichida 150 dan ortiq turar joy majmualari aniqlangan. Har bir majmua
15-20 oilaviy uydan iborat bo‘lib, qal’a ichki ko‘chalar orqali markaziy ochiq maydon bilan bog‘langan.
Sopollitepadan topilgan sopol buyumlar uzoq yillik amaliyot, estetik qarashlar va texnologik yutuqlar mahsuli bo‘lib, bu yodgorlikdan 158 ta
qabr topilgan, ularning barchasi yaxshi saqlangan. Sopollitepada topilgan sopol buyumlar ikki qavatli xumdonda pishirilgan, jarangsiz, naqshsiz va nafis bo‘lib, mutanosiblik va shaklga katta e’tibor qaratilgan.
Asosiy buyumlar qatoriga uzun oyoqli vazalar, konussimon kosalar, nimkosalar, qadahlar, xumchalar, ko‘zalar, xumlar va boshqa idishlar kiradi.
Mazkur yodgorlikning o‘rganilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo tarixining ilk bosqichlarini yoritishda katta ilmiy ahamiyat kasb etadi. Sopolitepa misolida qadimiy sivilizatsiyalar taraqqiyoti, ularning ekologik sharoitlar bilan bog‘liqligi va madaniyatlararo aloqalari chuqur tahlil etilishi mumkin. Shunday qilib, Sopolitepa – bu bizni uzoq o‘tmish bilan bog‘laydigan, hali ham ko‘plab sirlarni o‘zida saqlab kelayotgan noyob tarixiy obidadir.
Shahnoza Quvvatova,
Termiz arxeologiya muzeyi yetakchi mutaxassisi