Ta’lim va tibbiyotga e’tibor kuchaymoqda

Date:

Bugungi kunda mamlakatimizda aholiga qulay sharoit yaratish, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish hamda ta’lim-tarbiya jarayonini yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifa etib belgilanmoqda. Shu maqsadda joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish yo‘llarini belgilash maqsadida viloyat hokimi Sariosiyo tumaniga tashrif buyurdi.

Sharg‘un shaharchasida davom etgan tashrif chog‘ida hokim avvalo poliklinika faoliyati bilan tanishdi. Ushbu muassasa “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” loyihasi doirasida zamonaviy sharoitlar hamda zarur tibbiy anjomlar bilan ta’minlangan bo‘lib, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati yanada yaxshilanmoqda.

Tashrif davomida aholining salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish va bemorlarni samarali davolash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Mutasaddilar tomonidan “Elektron poliklinika” tizimining joriy etilishi haqida ham axborot berildi. Mazkur tizim bemorlarni tezkor ro‘yxatga olish, navbatni onlayn boshqarish hamda shifokorlar faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng hokim Sharg‘un shaharchasida joylashgan 8-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. Bog‘chada yaratilgan sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari, bolajonlarning dars mashg‘ulotlari va ko‘rgazmali chiqishlari bilan tanishdi. Kichkintoylarning sahna ko‘rinishlari mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Viloyat rahbari maktabgacha ta’lim tashkiloti ishini yanada samarali yo‘lga qo‘yish, tarbiyalanuvchilarning xorijiy tillar va turli hunarlarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, gimnastika xonasini jihozlash, sport va ijodiy to‘garaklarni kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Mazkur tashrif sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasi bo‘lib, aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiyin ahvolga tushsa, yengillik beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan...

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...
KunTun
KunTun