Toza hudud va ravon yo‘llar, ko‘kalamzor bog‘lar va xavfsiz ko‘chalar nafaqat inson salomatligi balki, kayfiyati va ish unumdorligiga ham ijobiy ta’sir etadi. Shuningdek, obodonlashtirish butun jamiyat ishtirokida amalga oshiriladigan keng qamrovli jarayondir. Shu boiski, har bir fuqaro o‘z xonadoni, ko‘chasi va mahallasi uchun mas’uliyatni his etib, bu ishda faol ishtirok etishi zarur.
Yurtimizni obod qilish, uni go‘zal va zamonaviy maskanga aylantirish har birimizning muqaddas burchimizdir. Obod muhit — sog‘lom jamiyatning poydevori. Shunday ekan, kelajak avlod uchun munosib muhit yaratish uchun obodonlashtirish ishlarida barchamiz faollik bilan jonbozlik ko‘rsatishimiz lozim.
Xususan, viloyatimizning barcha hududlarida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyillari asosida infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Ushbu infratuzilma loyiha ijrosini o‘rganish ishlari Termiz tumanidagi “Uchqizil” mahallasida davom ettirildi.
Xususan, viloyat rahbarining topshirig‘iga asosan, mahallada 4,8 kilometr yo‘lni asfaltlash, 2 ta transformator punkti hamda 186 ta beton ustun o‘rnatish, 4,6 kilometr elektr tarmoqlarini tortish, 2 ta nasos agregati o‘rnatish va 4 kilometr ariqni betonlash, shuningdek, ko‘chalarni obodonlashtirish hamda chiqindilardan xoli hududga aylantirish kabi qator vazifalar belgilangan. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mahallada olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishish maqsadida mahalladagi ko‘chalar bo‘ylab yurib, yo‘l-yo‘lakay nuroniylar va faollar bilan suhbat qurdi, muammolarni joyida o‘rgandi.
Hozirga qadar 2,4 kilometr ichki yo‘l asfaltlangan, nasos agregatlari va beton ustunlar o‘rnatilgan, elektr tarmoqlari tortilib, ariqlar betonlashtirilgan. Shu bilan birga, transformator punkti qurilishi bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Biroq, ko‘chalarni obodonlashtirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish va boshqa tadbirlar ijrosida ma’lum sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan asfaltlash ishlarini jadallashtirish, chiqindilarni tozalash, obodonlashtirish, shuningdek, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Ushbu ishlar aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, ekologik holatni sog‘lomlashtirish va mahalla hududlarini yanada obod qilish maqsadida yo‘lga qo‘yildi.
D.Mahmudova