O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘RQ-937-son Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun asosida Kadastr agentligi tomonidan 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan mahallalarni xatlovdan o‘tkazish reja-jadvali tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra Surxondaryo viloyatida 2024-yilda — 41 ta, 2025-yilda esa — 153 ta mahallada xatlov ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Bugungi kunga kelib viloyat bo‘yicha 147 ta mahallaning chegaralari tasdiqlanib, “Uzkad” axborot tizimiga kiritildi. Ushbu mahallalar hududidagi jami 38 716 ta ko‘chmas mulk obyektida xatlov ishlari olib borildi.
Xatlov qilingan 38 716 ta ko‘chmas mulk obyektidan 28 581 tasi “Uzkad” dasturiga kiritildi, 20 295 tasi “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuborildi.
Hozirgi kunda “E’tirof” AATdagi ko‘rsatkichlar 15 313 ta ko‘chmas mulk obyekti muhokama jarayonida, 2 730 tasi e’lon qilingan. 330 tasi esa Adliya organlarida ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, 445 tasi tahrirlash bosqichida, 750 tasining to‘lov kutilmoqda. 166 ta ko‘chmas mulk obyekti qaror chiqarish jarayonida.
Shuningdek, 259 ta ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosa berildi va Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan huquqlari rasman e’tirof etildi.
Ushbu qonunning amaliyotga tatbiq etilishi — ko‘plab fuqarolarning ko‘p yillardan buyon hal bo‘lmay kelayotgan mulk huquqlarini rasmiylashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Bu jarayon nafaqat huquqiy barqarorlikni ta’minlaydi, balki xususiy mulkka egalik huquqining kafolatlarini ham mustahkamlaydi.