Xalqimizda “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar”, degan naql bor. Har kasbning o‘z ustalari bo‘lgani kabi ustozlarning shogirdlari bo‘lishi tabiiy. O‘z navbatida, shogirdlar ham ustozdan o‘rgangan hunarni rivojlantirib, imkoniyati darajasida keyingi avlod shogirdlarini yetishtirib chiqaradi. Ustoz-shogirdlik bizning milliy an’analarimizga xosdir. San’at, xususan, ashulachilikdagi mazkur an’ana borasida katta tajribaga egamiz. Shunday ijrochilik maktablari mavjudki, bir-biridan go‘zal, bir-biridan zabardast, rang-barangligini ta’riflashga til ojiz.
Ustoz-shogirdlik an’anasida yana shunday bir qonun mavjudki, ustozlar ijro uslubidagi o‘zlariga ma’lum sirlarini shogirdlariga o‘rgatmaydilar. Zero, shogird o‘z iqtidori, quvvayi-hofizasi ila bu sirni kashf etadi. Aytishlaricha, Ustoz Jo‘raxon Sultonov “Sodirxon ushshog‘i” ashulasini ustozi Sodirxon hofizdan bevosita o‘rganmagan. Balki o‘zbeklarga xos bo‘lgan to‘y-hashamlarda, ustozi ishtirok etadigan davralarda birga bo‘lib, aynan shu qo‘shiq ijrosini sinchkovlik bilan kuzatib, tinglab, “Sodirxon ushshog‘i” ijro etilganda butun vujudini quloq qilib o‘rganganligi xususida ibratli hikoyatlar yuradi.
O‘zbek xalqining mumtoz musiqa ijodiyotida katta ashula janri salmoqli o‘rin egallaydi. Bu janr Farg‘ona vodiysiga xos bo‘lib, katta ashula muxlislar davrasida baland va kuchli ovozda ijro etiladi. Xalq orasida uni “likop ashula” yoki “likopcha ashula” deb ham atashgan. Katta ashula ijrosida musiqa cholg‘u sozlari jo‘rligidan foydalanilmaydi.
Katta ashula o‘rta asrlarda marosim va mehnat qo‘shiq-aytimlari negizida mumtoz she’riyat va xonandalik ijro madaniyatining rivojlanishi, mumtoz (klassik) g‘azallarni an’anaviy o‘qish, o‘rganish asosida yuzaga kelib rivojlandi. Uning o‘tmishdagi namunalarida ishqiy-lirik g‘azallar bilan bir qatorda, didaktik (nasihat), tasavvuf ruhidagi she’rlar ham kuylangan. Keyinchalik Lutfiy, Navoiy, Mashrab, Amiriy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Miskin va boshqa shoirlarning she’r va g‘azallari ham katta ashulada qo‘llangan. Katta ashula rivojida masnaviy, ruboiy, muxammas, musaddas kabi poetik janrlar muhim rol o‘ynaydi.
Ushbu janrni o‘rganishda bevosita ustoz-shogird anʼanasi asosiy oʻrinda turadi. Chunki milliy ashulachilikdagi bebaho asarlarimiz nota yozuviga olingan boʻlsa ham, ularni avloddan avlodga asl holida yetkazish uchun ustoz-shogird anʼanasiga tayanamiz.
Hozirgi kunda ham yurtimizning barcha hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan milliy ashulachilik sanʼati ustalari oʻz bilim va koʻnikmalarini kelajak avlodlarga yetkazishda ustoz-shogird anʼanasiga muvofiq tarzda faoliyat koʻrsatmoqdalar.
Milliy ashulachilik sanʼatimizda ustoz-shogird anʼanasi bor ekan, milliy musiqamizning asl namunalari yuksaklarga parvoz qilishdan va rivojlanishdan hech qachon toʻxtab qolmaydi.
N. Choriyeva,
O‘zbek milliy maqom san’ati markazi viloyat hududiy bo‘limi artist maqomchisi