Surxondaryo jozibasin ko‘z-ko‘z etar…

Date:

Yilning to‘rt faslida ham Surxon vohasi xorijlik turistlar bilan gavjum. Viloyatning so‘lim maskanlari, purviqor tog‘lari, go‘zal sharsharalari-yu soylari, takrorlanmas tabiati qo‘ynida sayr qilishni ixtiyor etguvchilar bisyor.Qolaversa, viloyatning tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari har bir insonni o‘tmishga tushib qolgandek, kechagi kun bilan bog‘lagandek taassurot uyg‘ota oladi. Shu bilan birga, bu yerda ziyorat turizmi ham rivoj topganki, o‘z diniy urf-odatlarini ado etguvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Biz ta’rifini aytib ado etolmaydigan jihatlarimizni ming bora eshitgandan bir bora ko‘rmoqlik uchun Surxondaryoga tashrif buyurganlar yutadi. Buni, albatta, mehmonlarning o‘zlari tasdiqlashadi.

Ha, Surxon vohasi yuqorida sanab o‘tganimiz kabi jihatlari bilan turizm sohasi rivoj topishi uchun har tomonlama mos va xos hudud sanaladi. Ayni xoslikka javoban viloyatning bunday turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish davr talabi. Shunday ekan, mahalliy va xorijlik sayyohlarga barcha zamonaviy sharoit yaratish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Yangidan yangi turistik markazlar bunyod etilayotir. Ayniqsa, Prezidentning 2024-yil 16-dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi loyihalarni ro‘yobga chiqarishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qaror doirasida Boysun tumanidagi umumiy maydoni 220,5 gektar bo‘lgan yer uchastkasida “Omonxona”, Sariosiyo tumanidagi umumiy maydoni 615 gektar bo‘lgan yer uchastkasida “Sangardak”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtepa” suv omborining qirg‘oq bo‘yi hududidagi 110 gektar yerda “Obihayot” turistik markazlari barpo etilayotir.

Boysun tumanidagi “Omonxona” buloq suvi, Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” maftunkor sharsharasi va tabiati bilan dunyoga ovoza bo‘lgan. Jarqo‘rg‘on tumanining “Obihayot” mahallasidagi “Oqtepa” suv ombori hududi jahon sayyohlarini o‘ziga jalb etadigan turistik maskanlardan biri. Suv ombor bo‘yida noyob tabiat bog‘i ham bor.

“OMONXONA”DA 26 TA INSHOOT BUNYOD ETILADI

Vohada bunyod etilayotgan uchta yangi turistik markaz ham tog‘li va tog‘oldi hududlarining mavjud turistik salohiyatidan samarali foydalanish, bosh reja asosida xizmat ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmasi obyektlari, jumladan, mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, sog‘lomlashtirish, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, sanatoriy va xalqaro umummavsumiy kurort zonalarini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan. Masalan, tog‘lar qo‘ynida qad rostlayotgan “Omonxona” turizm markazida 26 ta inshoot bunyod etilayotir. 11 ta mehmonxona, uy mehmonxonalari, restoran, kafe, terminal va bozor, bungalovlar, park, suv tozalash inshooti, ko‘prik, yong‘in xavfsizligi binosi, yonilg‘i quyish shoxobchasi va motel, yuk va yengil avtomobillar uchun yuvish shoxobchasi, ta’mirlash ustaxonasi, savdo do‘konlari va oshxonalarga ega bo‘ladi.

— Zamonaviy loyihalarning 4 tasi 0,40 gektar maydondagi aholi yerlarida, 23,8 gektardagi 12 tasi auksion savdolari orqali sotiladigan yer maydonlar va 2,79 gektardagi beshtasi davlat budjeti hisobidan amalga oshirilishi belgilangan, — deydi viloyat turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish direksiyasi rahbari Erkin Eshkeldiyev. — Master reja asosida “Omonxona” turizm markazida ro‘yobga chiqariladigan investitsion loyihalarning qiymati 512,2 milliard so‘mni tashkil etadi. Uning 160,5 milliard so‘mi budjet mablag‘lari, 351,6 milliard so‘mi investitsiya mablag‘lari bo‘lib, 441 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu yerda bitta mehmonxona foydalanishga topshirildi. 3 ta lot bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlanib, bittasida qurilish ishlari boshlangan, 10 ta lot bo‘yicha yer maydonining toifasini o‘zgartirish va auksion savdosiga chiqarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda. Tog‘li hududda mahalliy va xorijlik turistlarga yanada qulaylik yaratish uchun Jahon taraqqiyot banki mablag‘i hisobidan Omonxona qishlog‘iga olib boruvchi 21 kilometr yo‘l joriy ta’mirlanadi. 32 kilometr ichimlik suv tarmog‘i va inshooti quriladi. Yarim kilometr piyodalar yo‘lagi bunyod etiladi. 15 kilometr masofadagi 10 kVli elektr tarmog‘i va 0,4 kVli ichki elektr tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi. 4 dona 1 ming 600 kVli transformator o‘rnatiladi.

DOR YO‘LI “SANGARDAK”KA BOSHLAYDI

Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” turizm markazida 21 ta loyihani amalga oshirish uchun 15,3 milliard so‘m budjet va 224,6 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Buning evaziga tog‘li hududda 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, mehmonxona, uy mehmonxona, bungalovlar, terminal, sanatoriy kabi turistik inshootlar, dor yo‘li qurilishi belgilangan.

— Bu markazda uy mehmonxonalarining bittasi qurib bitkazildi, — deydi Erkin Eshkeldiyev. — 7 ta mehmonxona, 2 ta uy mehmonxona, bungalovlar bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlanib, 3 ta mehmonxona, bitta uy mehmonxona va bungalov qurilishi boshlandi. “Turon Plaza Hotel” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qiymati 10,603 million yevro bo‘lgan dor yo‘li bunyod etilmoqda. Sangardak qishlog‘iga olib boruvchi 6 kilometr ichki yo‘l joriy ta’mirlanib, “Sangardak” mahallasidagi 4 ta ko‘cha hamda dor yo‘liga olib boruvchi 1,5 kilo-metr avtomobil yo‘li mukammal ta’mirlanadi. Dor yo‘li uchun bir kilometr masofaga elektr tarmog‘i tortilib, transformator o‘rnatiladi. Suv rezervuari, oqava suv tozalash inshooti va tarmog‘i quriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatda amalga oshirilayotgan bu ishlar turistlarning vohada hozirgi bir yoki ikki kun qolishini 5-6 kunga uzaytiradi. Omonxonada say-yohlar oqimini 400 ming, Sangar-dakda 448 mingga oshiradi. Omonxonada xizmatlar hajmi 80 milliard, Sangardakda 150 milliard so‘mni tashkil etadi. Bularning barchasi janub gavharining boy turistik imkoniyatidan oqilona foydalanib, yurtimizning jozibador sayyohlik salohiyatini dunyoga keng tarannum etish, ularning mamlakatimiz bilan yaqindan tanishishiga qulay muhit yaratish va odam-larning turmush farovonligini oshirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

BHMning 6 baravari miqdorida

Hukumat qarori bilan «Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan...

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, fuqarolar farovonligini ta’minlash va mamlakatimizning...

Mavsum samarali tashkil etildi

Shoʻrchi tumanidagi 14-maktabgacha ta'lim tashkilotida “Yozgi sog'lomlashtirish mavsumini...

Jarimasi 3 750 000 so‘m

Viloyatiʼ prokuraturasi xodimlari, viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda Milliy gvardiya...
KunTun
KunTun