2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi, insoniyatning tabiat bilan hamohang va barqaror rivojlanishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yanada mustahkamladi. Bu tashabbus nafaqat ekologik muammolarni hal etish, balki ijtimoiy adolat va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga ham qaratilgan.
Insoniyat tabiatning ajralmas bir qismi sifatida unga e’tiborli bo‘lishi shart. Yer yuzidagi ekologik muammolar, havoning ifloslanishi, suv tanqisligi va chiqindilarning ko‘payishi bizni atrof-muhitga munosabatimizni qayta ko‘rib chiqishga undamoqda. Har birimiz tabiatni asrashda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur:
Energiya va suv resurslaridan oqilona foydalanishimiz, chiqindilarni qayta ishlash va ularni kamaytirishga e’tibor qaratish bilan birga daraxt ekish va yashil hududlarni ko‘paytirishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz shart. “Yashil” iqtisodiyot nafaqat atrof-muhitni asrash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish va insoniyatning barqaror kelajagini ta’minlashga qaratilgan. Bu qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ekologik toza ishlab chiqarishni kengaytirish kabi konsepsiya yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.
Mamlakatimizda bu sohada ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha yirik loyihalar yo‘lga qo‘yilgan, qishloq xo‘jaligida esa suv resurslarini tejashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Atrof-muhitni muhofaza qilishda har bir insonning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yo‘lda qog‘oz tashlamaslik, suvni tejash yoki hovlingizda daraxt ekish kabi oddiy amallar katta o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bolalarimizda tabiatga muhabbat va unga ehtirom ruhini shakllantirish ham kelajak uchun muhimdir.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” butun jamiyatni umumiy maqsad yo‘lida birlashtirish imkoniyatini bermoqda. Toza havo, musaffo suv va barqaror iqtisodiyot — bugungi kunning amaliy harakatlari orqali kelajak avlodlarga meros qoladigan boylikdir. Shu bois, barcha birgalikda harakat qilib, tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish yo‘lidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.
Tabiatni asraylik — kelajak bizning qo‘limizda!
Jamshid Aliyev
“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati
hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi