Kattagina tomorqa sotib olish, dang‘illama uy qurish, qolaversa, zamonaviy avtomobil xarid qilish uchun kishi yillab ishlashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi yoxud qaysidir xorijiy davlatga borib ishlab mo‘maygina daromad topishi kerak bo‘ladi. Biroq bularning bariga ko‘chatchiligi ortidan erishayotganlar ham odamizda bor. Qumqo‘rg‘on tumani “Uyas” mahallasida istiqomat qilayotgan Elyor Eshbo‘riyev esa ko‘chatchilikning ortidan yiliga 200 million so‘mgacha daromad ko‘rib, ko‘pchilikka orzu bo‘ladigan shart-sharoitni o‘zi va oilasi uchun hozirladi.
— 2007-yildan buyon ko‘chatchilik bilan shug‘ullanib kam bo‘lmadim, — deydi Elyor Eshbo‘riyev. — 5 sotixli issiqxonamda gibrid usulida yil o‘n ikki oy ko‘chat yetishtiraman. Pomidorning “alamina”, “bo‘ron”, “dafnis”, bolgar qalampirining “fisht”, “yubileyniy”, “lotta”, bodringdan esa “pikolina”dan tortib, “orzu”sigacha yetishtirib respublika bo‘ylab ko‘chat yetkazib beramiz. Agrotexnik tadbirlarini vaqtida qo‘llaymiz, navlarning sarasini ekamiz. Shuning uchun ham xaridorlar hech norozi bo‘lishmagan. Olgan odam baraka topsa, biz ham ishimizdan xursand bo‘lamiz. Chunki, bugun sifatsiz ko‘chat sotsak, ertaga yaxshi hosil bermasa, xaridorlar o‘z o‘zidan tisariladi.
Mehnatdan qochmaydigan, peshona teri bilan rizq terayotgan ko‘chatchida karam, qalampiru baqlajon ko‘chatlari ham serob.
Ko‘chat ekibgina qolmay o‘zi ham oilaviy issiqxonada bolgar, pomidor va bodringlarni yetishtirib el dasturxoniga tortiq qiladi.
Kim uchundir arzimasdek tuyuladigan ko‘chatchilik bugun ushbu oilaning daromad manbayiga, xonadoni to‘kinligiga xizmat qilayotir. Eng muhimi, qahramonimiz chet elma-chet el yurib ish izlab sarson yurmaydi. Qaysi ishning boshidan tutsam ekan, deya boshi ham qotmaydi. Tomorqani chinakamiga xazinaga aylantira olgan mirishkorning ishlari besh, omadi chopgan. Yerga qadagan har urug‘i mo‘l hosil bergulik niholga aylanadi.
Tomorqaga bepisand qarab, “yerdan foyda yo‘q” qabilida yashaydigan odamlarga dehqonning bir gapi tayin: “Yer odamni boqadi, faqatgina yerni boqqani boqadi u”.
Mehnat qilmasdan, undan unumli foydalanmasdan, agrotexnik tadbirlarini vaqtida qo‘llanmasa, yer foydasiz buyumdek bir joyda yastanib yotaveradi. Chakalakzorga aylanishi turgan gap. Biroq qo‘li gul insonning mehri va mehnati ila chamanzorga aylanib, mo‘l hosil ilinib egasiga daromad keltirishi uchun ishlash kerak, yerga mehr berish kerak. Ana shundagina tomorqadan foyda bo‘ladi.
Adolat MO‘MINOVA