Yurtimiz iqtisodiyotini o‘sishida, ishbilarmonlik muhiti yaratilib, aholiga imtiyoz va qulaylik yaratishda tadbirkorlarning o‘rni va ulushi katta ekanini yaxshi bilamiz. Gap tadbirkorlik faoliyati, ishbilarmonlar haqida ketar ekan, Surxondaryoda biznesda muvaffaqiyat qozongan, obro‘-e’tibor topgan tadbirkor “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi raisi Bahodir Qodirovni tilga olmaslik mumkin emas. Bahodir Qodirov o‘z-o‘zidan mana shu darajaga yetib kelgan emas. Bu muvaffaqiyat ortida mehnat-u mashaqqat, harakat va izlanishlar yotgani aniq. Tadbirkorning ham o‘z hayot falsafasi, muvaffaqiyat formulasi bor. Halollik va to‘g‘rilik esa faoliyatining bosh mezoni.
Albatta, tadbirkor bilan suhbatda bo‘lish, faoliyati bilan tanishish yoshlar auditoriyasi, ayniqsa, endigina ish boshlash istagida bo‘lganlar uchun qiziqarli bo‘lishi tabiiy. Shu sababdan ham Termiz shahridagi “Movaro” savdo uyida “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi raisi Bahodir Qodirov va yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, yurtboshimiz tomonidan Bahodir Qodirov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Ushbu unvonga munosib ko‘rilgan tadbirkorning ham voha ahliga o‘z aytar gaplari bor. Tashkil etilgan uchrashuv esa Bahodir To‘xtayevich uchun ayni muddao bo‘ldi va fursatdan foydalangan qahramonimiz barchani o‘z ish faoliyati bilan tanishtirdi, tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlarga o‘z tajribasini so‘zlab berdi.

O‘z navbatida tadbirkorlik subyektlariga qaratilayotgan e’tibor va imtiyozlarni ham e’tirof etish lozim. Undan o‘z o‘rnida foydalana olmoqlik esa shubhasizki, boshlangan ishning rivojlanishiga xizmat qiladi. Tadbirkorlar kuni munosabati bilan munosib unvon va medallar bilan taqdirlangan tadbirkorlarimiz ham yaratilgan imtiyozlardan unumli foydalana olgan zamonamiz qahramonlaridir. Termiz shahrida Bahodir Qodirov ishtirokida uchrashuv tashkil etilgan bo‘lsa, Sherobod tumanida “Shoymon bobo” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Y.Shoymonov hamda “Rasulov Toji” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari T.Rasulovlar ishtirokida yoshlar hamda mahallalar faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tashkil etilayotgan uchrashuv va muloqotlar esa ko‘zlangan natijani berayotir. Tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘lgan yoshlarning katta hayotda mustaqil qadamlarini dadil tashlashlariga turtki bo‘layotgan bo‘lsa, viloyatimizning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga-da munosib hissa qo‘shishi aniq.
Faol tadbirkorlarning hududlarda aholi vakillari bilan uchrashuvlari davom etmoqda.