O‘zbekiston madaniy merosi va ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlandi…

Date:

Yangi O‘zbekistonda yangi, erkin, rivojlangan jamiyat va davlat barpo etish maqsadida har bir fuqaro o‘zini daxldor sanaydi. O‘z salohiyatimizni har tomonlama yuksaltirishda esa birinchi navbatda tarixni, o‘zlikni anglash, ajdodlarimizning boy ma’naviy-madaniy merosini o‘rganish lozim. Mana shunday o‘rganishlar davomida yaxshi bilamizki, yurtimiz buddizm o‘chog‘i sifatida ko‘plab davlatlarning arxeolog olimlari e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bu esa nafaqat ko‘plab arxeologik tadqiqotlar olib borilishiga, balki turizm sohasi rivojiga ham o‘ziga xos hissa qo‘shmoqda.

Albatta, buddaviylik diniga e’tiqod qiluvchi davlatlar uchun O‘zbekistonning, davlatimiz tarixi bilan bog‘liq budda dinining ahamiyati nihoyatda katta. May oyida tailandliklar Visaxa bucha kunini o‘zlarining diniy bayrami sifatida keng miqyosda nishonlaydilar. Bu buddaning parinirvanasining tug‘ilishi, ma’rifati va chiqib ketishi sharafiga uyushtiriladigan budda bayramidir. Bu safar ham Tailandda “Visaxa Bucha” kuni xalqaro bayramining 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda yetakchi diniy ulamolar, siyosiy, akademik va madaniy doira hamda diplomatik korpus vakillari bilan bir qatorda O‘zbekistondan ham vakillar ishtirok etdi.

E’tirof etarli va muhim jihati ushbu bayram doirasida Tailand Milliy kutubxonasida “O‘zbekistonda buddizmning boy merosi. Kushonlar va buddizmning O‘rta Osiyo orqali Ipak yo‘li bo‘ylab tarqalishi” nomli O‘zbekiston madaniy merosi va ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy seminar ham tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari J.To‘rayev, Madaniy meros agentligi raisi o‘rinbosari T.Qo‘ziyev (videomurojaat), Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Ipak yo‘li ofisi” UK direktor maslahatchisi T.Mirzayev (onlayn), Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakillari professor D.Sayfullayev va professor M.Qalandarov (onlayn), Termiz davlat universiteti o‘zbek tarixi va manbaashunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi, tarix fanlari nomzodi T.Annayev va Bangkok shahridagi Bosh konsul F.Sultanov tegishli nutq va taqdimotlar bilan ishtirok etib, mehmonlar va xalqaro doira uchun muhim va qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Ya’ni, Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan O‘zbekiston sivilizatsiyalar chorrahasi, zardushtiylik, buddizm, iudaizm, nasroniylik va islom dinlari gullab-yashnagan eng ahamiyatli maskan bo‘lib kelgani, 2700 yildan ortiq vaqt davomida mazkur hududda insonlar o‘z diniy e’tiqodlariga erkin e’tiqod qilib, ahil-inoq va tinch-totuv yashab kelayotganliklari ta’kidlandi.

Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev tomonidan ishtirokchilarga Surxondaryo viloyatining yangi turizm brendi, ziyorat, tibbiy, gastronomik, sport turizmi va ekoturizm yo‘nalishlaridagi mavjud sayyohlik salohiyati va ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar, 2023-yilda viloyatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston Madaniy meros agentligi raisi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev esa o‘z videomurojaatida O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixiga to‘xtalib, XIX asrda Buxoro amiri Tailand Qiroli tomonidan eng oliy yuksak ordeni «Oq fil» ordeni bilan taqdirlangani, 2005- va 2016-yillarda Tailand malikasi Maha Chakri Sirindxorn O‘zbekistonga kelgani, 2011-yilda uning Toshkent shahrida “O‘zbekiston Tailand malikasi nigohida”, Bangkok shahrida esa, “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo yuragi” deb nomlangan ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tganini ta’kidladi. Darhaqiqat, mazkur aloqalar xalqlarimiz o‘rtasida din, sivilizasiya, qadriyat, savdo-sotiq bilan bir qatorda madaniy va insoniy munosabatlar ham yuqori darajada bo‘lganligini ko‘rsatib turishiga ahamiyat qaratildi.

Sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan O‘zbekistonda turizm sohasida zaruriy infratuzilma yaratish, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, madaniy me’ros obyektlarini asrash va keng targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar e’tirof etildi. Jumladan, Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi sessiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakili professor Mirzajon Qalandarov o‘z onlayn chiqishida O‘zbekistonda turizm uchun “Ay-Ti” yo‘nalishida va respublikamizdagi buddizm yodgorliklari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi mobil ilova taqdimoti bilan tanishtirdi. Ayniqsa, Surxondaryo viloyatidagi buddaviylik yodgorliklari va ularning O‘rta Osiyo madaniyati tarixida tutgan o‘rni to‘g‘risida, hududlarda o‘tkazilgan va amalga oshirilgan arxeologik qazishmalar, u yerlardan aniqlangan topilmalar, ularni asrab-avaylash va qayta tiklash ishlari yuzasidan tayyorlangan taqdimot barchaning e’tiborini tortib, qiziqishini oshirdi.

Albatta, bildirilgan fikrlar va taqdimotlarda jon bor, buni butunjahon Buddistlar Alyansi prezidenti doktor Pornchai Palavadhammo isbotlab, o‘z taqdimotida O‘zbekistonga bir necha marotaba tashrif buyurganini ma’lum qildi va ko‘rganlariga asoslanib, mamlakatda xorijiy sayyohlar uchun barcha sharoitlar mavjudligi, aholining turistlarga nisbatan ijobiy munosabati, mavjud tarixiy obidalar va sayyohlik salohiyati to‘g‘risida to‘xtaldi.

Aytish joizki, tashkil etilgan ilmiy seminar ilm ahli, qolaversa, har bir ishtirokchi uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Har bir ma’lumot, fakt va fikrlar katta e’tibor bilan tinglanib, keng auditoriyaning qiziqishiga sabab bo‘ldi. So‘zga chiqqan ilm ahli tadbirni yuksak baholab, uning natijalari O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, ilmiy va turizm sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda katta qadam bo‘lishini ta’kidladilar.

O‘z navbatida Termiz arxeologiya muzeyi va Tailand Milliy muzeyi o‘rtasida 2022-yil dekabr oyida imzolangan o‘zaro hamkorlik Memorandumi asosida ikki davlat o‘rtasida muzeylar sohasida o‘zaro hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilganki, bu muddat davomida yurtimizda, xususan, surxon vohasida arxeologik qazishmalar o‘tkazilib, topilmalarni qayta tiklash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib kelinayotir. Tailand Qirolligi Milliy muzeyi direktori Nitaya Kanokmongkul  ayni shu haqida to‘xtalib, kelgusidagi ish rejalari to‘g‘risida ham qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston tarixi va madaniyati borasida ham tailandliklarning fikriga quloq tutildi. Shundan anglashiladiki, respublika hududida ming yillar davomida shakllangan tarixiy jarayonlar natijasida boy madaniyatlar uyg‘unligi vujudga kelgan. Bu esa buddizm, islom va boshqa dinlar rivoj topib, mamlakat arxitekturasi rivojlanishida o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Hozirga qadar O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosati, o‘zbek xalqining insoniylik fazilatlari yuksakligining yorqin misoli ekani ilmiy seminardagi katta minbarda ta’kidlangani har bir xalqimiz vakilini quvontiradi, qalbini g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.

Xalqaro seminar ishtirokchilarning savol va munozara-muhokamalari bilan yanada qizg‘in tus oldi.  O‘zbekiston turizm salohiyati namoyon etuvchi videorolik esa mehmon va mezbonlar e’tiborini tortgani, yurtimizga tashrif buyurishga qiziqish uyg‘otgani aniq. Surxondaryolik delegatsiyaning xizmati va tashrifi besamar ketmadi. Yaqin kelajakda Tailand bilan O‘zbekistondagi buddaviylik obidalari tarixini o‘rganuvchi, hamkorlikda arxeologik qazishmalar, topilmalarni qayta tiklash va ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi Madaniy-ilmiy markaz — Ilmiy tadqiqot instituti tuzilishining o‘ziyoq ana shunday sa’y-harakatlarning mevasi deyish mumkin. Bu bilan Surxondaryo viloyatidagi buddaviylik yodgorliklarini yanada keng o‘rganish, ularni asrab-avaylab, qayta tiklash, muzeylashtirish va ziyoratchilar uchun munosib sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi. Qolaversa, kerakli texnologiyalar va mutaxassislar jalb etilib, Tailand va O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi ishlar yangi bosqichda davom ettiriladi.

Nufuzli tadbirning ahamiyati va istiqbolli rejalar Tailand ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilmoqda.

S.Normurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiziriq tumanida ham…

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bugungi kunda har bir xonadon...

Farzandim taqdiriga befarq emasman

Bugun Termiz tumanida MMTB bo‘limi tasarrufidagi 1-sonli umum ta’lim...

50-maktab 12 dona tikuv mashinasi bilan ta’minlandi

Maktablarda ta’lim-tarbiya berilishi bilan birga kasb-hunar sirlarining ham o‘rgatilayotgani...

Huquqiy maslahat berildi

“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati hududiy bo‘limasi hamda O‘zbekiston notarial...
KunTun
KunTun