Dilga hayajon solib…

Date:

So‘nggi qo‘ng‘iroq — umumta’lim maktablarini bu yil tamomlayotgan 392 ming nafar yoshlarning ko‘nglida bir hayajon va ongu shuurida fikr uyg‘otadigan bong ham aslida. Ushbu kunda olgan bilim va ko‘nikmlarini, maktab davridagi sho‘xlik beboshliklarini va kelajakdagi reja, maqsadlarini bir-bir esga oladigan va katta hayotga qadam qo‘yadigan bir ajib palla boshlanajagidan darak misoli.

Bugun mamlakatimizda yoshlarga juda katta imkoniyatlar berilyaptiki,  ularning ta’lim olishi, tadbirkorlikni rivojlantirishi, biznes g‘oyalarini hayotga tatbiq etib, kasb-hunar egallashi yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgan. Bitiruvchi yoshlarning 12 ming nafardan ortig‘i maktablarni oltin, 2 mingdan ko‘proq o‘quvchi-yoshlar kumush medal bilan bitirayotgani esa ana shu imkoniyatlarga yoshlarning “labbay” deb javob berishi demakdir.

Erta tongdan Angor tumanidagi 30-umumta’lim maktabida ham “so‘nggi qo‘ng‘iroq” yangradi. Biz ham ijodiy jamoamiz bilan ushbu tadbirda ishtirok etib, katta bir tayyorgarliklar bilan boshlangan bayram shohidi bo‘ldik.

Bezatilgan sahnaga fayz kiritib turgan bitiruvchi yoshlarning ko‘zlarida quvonch, yuragida bir entikish bilan sahnaga chiqib kelayotgan bitiruvchilarni ko‘rib, beixtiyor kishi yoshlik chog‘lariga, maktab davrlariga qaytganday bo‘laveradi. Chunki har birimizning qo‘limizga qalam tutqazgan, ilk bora bilim sirlarini ochgan jonajon ustozlarimizning saboqlari, o‘git-u nasihatlari hayotimizda muhim ahamiyat kasb etishi turgan gap.

Dastlab, 25-may “so‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bayramni 30-umumta’lim maktabi direktori Ra’no Do‘stmurodova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng, tadbirga jam bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarga Prezidentimizning umumta’lim maktablarning bitiruvchi yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigi “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyati muxbiri tomonidan o‘qib eshittirildi.

Shundan so‘ng, kuy-qo‘shiq, sho‘x yallalarga ulangan bayram tadbirida bitiruvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, raqslar ijro etildi. Shuningdek, tadbir davomida muvaffaqiyatga erishgan o‘qituvchilar hamda o‘quvchi-yoshlarning ota-onalari ham taqdirlandi. Bayramga yanada xush kayfiyat bag‘ishlash maqsadida bitiruvchi o‘quvchilar “eng hazilkash”, “eng uyquchi” “eng pazanda”, “eng tashkilotchi”, “eng urushqoq” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.

Yuz-ko‘zidan aqlu zakosi, teran fikri anglashilib turgan bu bitiruvchi yoshlarning hayotida ushbu kun unutilmas bo‘lib hayot zarvaraqlaridan o‘rin olsa, ajab emas.

30-umumta’lim maktabida 50 nafar pedagog 522 nafar o‘quvchi-yoshga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. O‘qituvchilari mehnatsevar, har on yoshlarga bilim berishga, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga oshiqadi. O‘z navbatida o‘quvchilar ham zukko va intiluvchan, olgan ilmini ishga solib, muvaffaqiyatlarga ham erishib kelayotgani quvonarli. Jumladan, Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab respublika ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida maktab jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, 75 million so‘mlik sovrinni qo‘lga kiritgan.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining murojaati bo‘yicha “Umumjahon pul haftaligi” (Global Money Week 2023) doirasida butun respublika miqyosida umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida “Pulingizni rejalashtiring, kelajagingizni rejalashtiring” mavzusida mahorat darslarini o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Mazkur tanlovda bizning Angor tumanidagi 30-umumta`lim maktabining birinchi toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mahira Norquchqarova o‘zining ishlanmasi bilan munosib ishtirok etib, tanlov doirasida ishtirok etgan respublikamizdagi boshqa hamkasblari orasida mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tashkilotchilarning 1-darajali sertifikati va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilshod Suvonqulov joriy yilning 12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat test markazi tomonidan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi C1 sertifikatini qo‘lga kiritdi. Fan olimpiadasining ingliz tili fanidan tuman bosqichida 3-o‘rinni, Fan olimpiadasining ona tili va adabiyot fanidan tuman bosqichida faxrli 2-o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti tomonidan tashkil etilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichida 3-o‘rinni egallab, 5 million so‘m pul mukofoti bilan bir qatorda muddatidan oldin grant asosida talabalikka qabul qilindi. 10-sinf o‘quvchisi Quvonchbek Sayfiyev fan olimpiadasining tuman bosqichida 1-o‘rinni egallagan. Bundan tashqari ushbu mahorat darsida ishtirok etgan 7-sinf o‘quvchilari ham tashkilotchilarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdilar.

Besh tashabbus respublika sport musobaqasining ikkinchi mavsumini yuqori saviyada tashkil etishdagi ko‘magi va tashabbuskorligi uchun maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Azamat Achilov, Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa`dullayevlar tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlangan.

Yillar davomida bir partada o‘tirib, bilim olib, hunar egallagan, do‘stu qadrdonga aylanib ulgurgan yoshlar ushbu bayramni o‘zgacha bir intiqlik bilan kutishlari turgan gap. Negaki, ular endi mustaqil va katta hayotga dadil qadamlar bilan kirib borish ostonasida, olgan bilimlarini qo‘llay oladigan, hayotda o‘z o‘rnini topishga kirishadigan muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi ushbu qo‘ng‘iroq.

Adolat MO‘MINOVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV,

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

678 nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Denov tumani "Yoshlik" mahallasi Alamjahon qishlog‘i aholisi uchun diametri...

Mashg‘ulotlar boshlandi

O‘zbekistonda qirg‘iz-o‘zbek kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlar 14-oktyabrga...

Kaskad usulida…

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan AQShning Mehribonlik korpusi...

“Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi

Ezgu amallarni o‘zida mujassam etgan “Yashil makon” umummilliy harakati...
KunTun
KunTun