Ko‘chaga chiqqanimizdan mashinalar bilan gavjum manzaraga nigohimiz qadaladi. Katta ko‘chani kesib o‘tishga esa yurak hovuchlaydi kishi. Bir lahza sergaklikni yo‘qotsangiz, tamom, o‘zingizni qayerda bo‘lishni tasavvur qilaverasiz. Mashinalar soni ko‘payib, mashina boshqarishni bilgan ham, bilmagan ham rulga o‘tirayotgani esa barchani sergaklantirib qo‘ygani ham haqiqat. Xolbuki, Surxondaryo viloyatida 246 mingta avtomobil mavjud. Bu ko‘rsatkich esa kundan-kunga ortib bormoqda. Ayrim haydovchilarning belgilangan qoidalarga rioya qilmasligi oqibatida esa joriy yilning 3 oyi davomida 61 ta yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lgan. Oqibatda esa 41 nafar inson jarohatlanib, 22 nafari vafot etgan.
Raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, vaziyat jiddiy. Uvol ketgan jonlarning esa bittasi ham ko‘p. Demak, sohada xushyorlik, sergaklikni yo‘lga qo‘yish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish lozim. Balki shunda yo‘l transport hodisalarining oldi olinar. Ayni maqsadda Angor tumanida Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida yig‘ilish tashkil etildi. Unda transport va yo‘l harakati xavfsizligi sohasi masʼullari ishtirokida transport xizmati ko‘rsatish sifatini yaxshilash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Tanqidiy ruhda kechgan yig‘ilishda viloyat rahbari viloyatda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini hududlar kesimida tahil qildi. Qolaversa, masalaning ildiziga yetib borish uchun ushbu hodisalarning kelib chiqish sabablari muhokama qilindi. Yo‘llarda harakat xavfsizligini kuchaytirish lozim. Kuzatuv kameralari o‘rnatish, situatsion markaz faoliyatini tashkil etish zarurat. Mana shunday masalalarning tashkiliy jihatlarni muhokama qilindi hamda bu bo‘yicha masʼullarga kerakli vazifalar belgilandi.