Chiqindidan holi shaharni bir tasavvur qiling-a? Hech kim keraksiz qog‘oz-u chiqindisini e’tiborsizlarcha yerga uloqtirmasa, odatlar qat’iylashib, chiqindi tashlamaslik madaniyat darajasiga ko‘tarilsa… agar shunday bo‘lganida edi, ozon qatlamida teshik hosil bo‘layotganidan, atrof-muhitning zararlanishidan, ekologiyaning buzilishidan vahimaga tushmasdik. Insoniyat tashvishga soladigan muammolarni o‘zlari yaratadi-da, bosh toshga tekkandan keyingina yechim izlaydi.
O‘zgarishni inson avvalo o‘zidan boshlashi kerak ekan, demak har birimiz risoladagidek xulq-atvorda bo‘lishga urinishimiz shart. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi qaroriga ko‘ra 30-mart butun dunyo bo‘ylab “Xalqaro chiqindilarsiz kun” deb eʼlon qilinganida ham go‘yo ana shunday o‘zgarishlarga ishora qilingandek. Sana munosabati bilan bu yil dunyo bo‘ylab birinchi marotaba katta tadbirlar, aksiyalar amalga oshirildi. Yurtimizda ham xalqimizning har bir vakilini qamrab olish choralari ko‘rildi. Va buning uddasidan chiqildi ham. “Chiqindisiz kun” isrofgarchilikning oldini olish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, chiqindini maksimal darajada qayta ishlash, uning paydo bo‘lishini minimallashtirishni ko‘zlaydi.
Bu kuni Termiz shahrida ham keng ko‘lamli tadbir tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, har yili viloyatda 354 tonna chiqindi hosil bo‘lishini, shundan 110 tonnasi yoki 31 foizi qayta ishlanishi, qolgan chiqindilar to‘planib, 124 gektarlik 12 ta chiqindi poligonida ko‘milishini taʼkidladi va tadbirkorlardan chiqindini qayta ishlash loyihalarini amalga oshirishda tashabbuskor bo‘lishlarini, barchani chiqindilarni belgilangan joyga tashlab, yurtimiz, mahallamiz va ko‘chalarimiz tozaliligiga xissa qo‘shishga chorladi.
Shahar va qishloqlarimiz, mahalla va ko‘chalarimiz obodligi, chiqindilardan holi maskanlarga aylanishi avvalo o‘zimizga bog‘liq. Chiqindilar to‘planishini minimallashtirish, to‘pgangan chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqilishi, qayta ishlanishi yoki o‘z vaqtida ko‘milishi ekologiya va tabiat musaffoligini taʼminlashga, keyingi yillarda global muammoga aylangan iqlim o‘zgarishlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda viloyat miqyosida har bir hududda chiqindilarni tozalash, to‘plash, Termiz shahrini chiqindilardan holi “Toza shahar”ga aylantirish ishlariga start berildi. Bu kabi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida bir oy davom etadi.
Hilol