Ish joyimizda huquqimizga putur yetdimi, oh-vohimizni aytadigan tashkilot — kasaba uyushmasi bor. Uyushmaning malakali huquqshunos-yuristlari haq-huquqlarimizni himoya qiladi, kerak o‘rinda tiklab beradi. Gap kasaba uyushmasi haqida ketar ekan, bu tizim davlat, nodavlat tashkilotlar mehnatkashlarining haq-huquqlarini himoya qilishga qodir va shu yo‘nalishda ishlash uchun malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani bilan ahamiyatli. O‘zining moliyaviy taʼminoti to‘liq shakllangan, kuchli moddiy bazaga, yetuk intellektual kadrlarga ega tizim sifatida to‘liq faoliyat ko‘rsatmoqda. Umuman olganda O‘zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari tizimi yaxlit bir-biri bilan bog‘langan, bir-birini to‘ldiruvchi mustaqil nodavlat tashkiloti sifatida shakllangan. Jumladan, tizimda oromgohlar, sanatoriyalar, madaniyat saroylari, malaka oshirish markazi, o‘zining oliy muassasasi mavjud bo‘lgan klaster tizimi to‘laqonli shakllandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan xalqaro miqyosda kasaba uyushmalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da topshiriqlar belgilab berilgan. Ana shunday topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘rtasida kelishuv shartnomasining imzolanishi, ikki tomonlama tuzilgan hamkorlik memorandumining tasdiqlanishi va shu asosda har yili yo‘l xaritalarining ishlab chiqilib, ijroga yo‘naltirilishi ham fikrimizning yorqin dalilidir.
Hamkorlik memorandumida belgilangan vazifalarning to‘laqonli ijrosini taʼminlash hamda qo‘shni davlatlar kasaba uyushmalari bilan o‘zaro tajriba almashish amaliyotini muntazam yo‘lga qo‘yish maqsadida ikki mamlakat kengashlari tomonidan 2023-yilga mo‘ljalangan yo‘l xaritasi tasdiqlanganini e’tirof etib o‘tish joiz. Qolaversa, shu asosda yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, tarmoq kasaba uyushmalari faoliyati bilan yaqindan tanishish va tajriba almashish maqsadida Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xatlon viloyati kasaba uyushmalari Kengashi delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Xatlon viloyati kasaba uyushmalari Kengashi delegatsiyasi kengash raisi Rizozoda Abduroziq Sharif boshchiligidagi a’zolar Termiz tumanidagi “Gulbahor” bojxona postida tantanali kutib olindi. Mehmonlar dastlab “Termiz xalqaro savdo markazi” majmuasi faoliyati bilan tanishdilar.
Kunning ikkinchi yarmida esa Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyiga sayohat uyushtirildi. Muzey eksponatlari bilan bog‘liq o‘rganish ishlari, tariximiz haqida ma’lumotlar berildi. Muzey sayohati Termiz tumanidagi Fayoztepa, Sulton Saodat, Kokildor ota maqbaralari ziyoratiga ulandi.
Viloyat kasaba uyushmalari binosida ikki do‘st birodar viloyatlar kasaba uyushmalari faollari ishtirokida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Kun yakunida delegatsiya aʼzolari “Termiz marvaridi” sanatoriyasiga tashrif buyurdilar. Mehmonlarga sanatoriy imkoniyatlari hamda faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tashrifning ikkinchi kuni Hakim at-Termiziy va Iso at-Termiziy majmualarini ziyorat qilishdan boshlandi.
Delegatsiya aʼzolariga mazkur majmualarga tashrif chog‘ida allomalar hayoti va faoliyati, asarlari haqida qimmatli maʼlumotlarga ega bo‘ldilar. Tashrifning aynan “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasiga to‘g‘ri kelgani sababli, mehmonlar kasaba uyushmalari viloyat Kengashi tomonidan Termiz shahridagi “Amudaryo” bolalar oromgohida tashkil etilgan bayram dasturi va sport musobaqasi jarayonlariga taklif etildi va bevosita sport musobaqalarida ishtirok etishdi.
O‘zbekistonning janub gavhari bo‘lmish Surxon vohasiga tashrifdan mehmonlar katta taassurotlar olgan bo‘lsa, ajab emas. Yakunda esa delegatsiya aʼzolariga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari ulashilib, tantanali kuzatildi.
S.Normurodova,
N.Muhibulloyev
(surat)