Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 207 ta tuman va shaharlarning avvalgi yil yakuni bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining reyting ko‘rsatkichlari eʼlon qilingan va mazkur ko‘rsatkichda Oltinsoy tumani 5-toifaga kiritilgan edi.
Xolbuki, Oltinsoyda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali tumanni gullab-yashnatish borasida katta imkoniyatlar mavjud. Tumandagi 54 ta mahallada 187 912 nafar aholi istiqomat qiladi. Tumanda 75 665 nafar iqtisodiy faol, 68 422 nafar, ishsizlar soni esa 7 243 nafar ( yaʼni 9,6 foiz) band aholini tashkil etmoqda. Tadbirkorlik rivojlangan joyda o‘z-o‘zidan ishsizlar ishli, kam taʼminlangan yurtdoshlarimiz daromad egalariga aylanadi. Ana shunday omillarni eʼtiborga olgan holda joriy yil boshidan Oltinsoyda iqtisodiyot barqarorligi va aholi farovonligini taʼminlashga qodir istiqbolli porloq loyihalarni ishga tushirish hamda tuman ko‘rsatkichini 5-toifadan yuqoriroqqa ko‘tarish maqsadida asosiy ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlar belgilab olindi.
Boshqacha aytganda, tumanda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirish hisobiga 2023-yilda 17 697 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. Bu borada aniq manzilli tadbirlar belgilandi. Xususan, qishloq xo‘jaligida 11 881 nafar aholining bandligini taʼminlash imkoniyatlari mavjud bo‘lib, manzilli tadbirlarda belgilab olinganidek, agroklasterlarda 187 nafar, fermer xo‘jaliklarida 421 nafar, dehqon xo‘jaliklari uchun yer ajratib berish hisobiga 5933ta, takroriy ekin bilan shug‘ullanuvchilar uchun 1141 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, pillachilik tarmog‘ida 3553 ta, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 359 ta, qurilish, transport va kommunal sohalarda 499 ta, moliya iqtisod, tadbirkorlik va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida 4958 ta ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda tumanda aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududdagi pedagogika kolleji binosida 42 ta usta-hunarmand tomonidan kasbga o‘rgatish markazlari tashkil etilgan. Kasb o‘rgatayotgan o‘qituvchilar va kasb o‘rganayotganlarni ish haqi, stipendiyalar bilan taʼminlash, o‘quv xonalarini kerakli zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlash orqali 640 nafar yoshni kasbga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, IT o‘quv markazi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi hamda tuman Xalq taʼlimi bo‘limi hamkorligida yil yakuniga qadar 1000 nafar o‘quvchi kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi.
Oltinsoy — bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan tuman hisoblanadi. Oltinsoyning asaltaʼm uzumlari, mayizlarining dong‘i olislarga yetib borgan. Tabiiyki, aholi orasida usta bog‘bonlar, tajribali sohibkorlar ko‘plab topiladi. Shunday omillarni eʼtiborga olgan holda, tumanda uzumchilikni yangicha asosda va zamonaviy sug‘orish usullaridan foydalangan tarzda rivojlantirishga oid loyihalar ishlab chiqildi. Jumladan, shu kunlarda Oltinsoy tumanining tog‘ oldi hududi — “Obshir” mahallasidagi 1 000 gektar lalmi yer maydonida voyish usulida uzum yetishtirish loyihasini amalga oshirish ishlari jadal boshlab yuborildi.
— Yaratilayotgan yangi innovatsion bog‘ tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yordamida sug‘oriladi,— deydi Oltinsoy tumani hokimi Bahrom Mahmatrayemov. — Mazkur loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. 2023-yilning o‘zida 69 milliard so‘mlik ish bajarishni maqsad qilganmiz. Hozirgi kunlarda 500 gektar maydonda bog‘ barpo etilyapti. Farg‘onaning Oltiariq tumanidan intensiv bog‘ bo‘yicha tajribali mutaxassislar taklif qilindi. Ular ishtirokida tok ko‘chatlari qadash, voyish ko‘tarish, sim tortish, har bir ko‘chatni tomchilatib sug‘orish uchun polietilen quvurlarni ham peshma-pesh yotqizish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Bu ishlarga mahalladagi ish bilan taʼminlanmagan fuqarolarni jalb qildik. Ularga ish haqlari o‘z vaqtida berib borilmoqda. Kelgusida esa tayyor tokzorlar 0,3-0,5 gektargacha lotlarga ajratilib, mahallalardagi ishsiz fuqarolarga dehqon xo‘jaliklari tashkil qilib beriladi. Dehqon xo‘jaliklari shartnomada belgilangan mahsulotni yetishtiradi. Xaridor izlab sarson bo‘lmaydi. Chunki, bunday tashvishlarni klaster o‘z zimmasiga olgan. Shuningdek, kelgusida ham tokzorlarni suv bilan taʼminlash, dehqonlarga kredit ajratish klasterning zimmasida bo‘ladi.
Ishlab chiqarish o‘z yo‘liga, ammo Oltinsoy tumani turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham salohiyati va imkoniyatlari bilan vohada sanoqli tumanlar safiga kiradi. Betakror tabiati, xushmanzara tog‘lari, shifobaxsh buloqlari, diqqatga sazovor ziyoratgoh-oromgohlari bilan sayyohlar uchun sevimli maskanga aylanishiga shubha yo‘q. Shularni nazarga tutgan holda tuman rahbariyati Oltinsoyga kelayotgan sayyohlar sonini ko‘paytirish borasida ham istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni maqsad etib belgilashdi.
Boysun tumanidagi “Omonxona” ziyoratgohini ko‘pchilik yaxshi biladi. Bu yerga chetdan kelayotgan ziyoratchilar soni kundan kunga oshib borayapti. “Omonxona” ziyoratgohi bilan Oltinsoy tumanidagi “Xo‘jaipok ota” ziyoratgohlarini bog‘lovchi yo‘l 20,5 kilometr masofani tashkil etadi. Ilgaridan bu yerda qatnov yo‘li bo‘lgan, keyinchalik foydalanilmay, qarovsiz holatda qolib ketgan. Ana shu 16,5 kilometr masofadagi mavjud yo‘llarni sifatli zamonaviy taʼmirlash va qolgan 4 kilometr masofadagi yangidan quriladigan avtomobil yo‘lini ishga tushirish bo‘yicha ham Oltinsoyda misli ko‘rilmagan izlanishlar olib borilmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, tumanning tog‘li hududlarida turizmga ixtisoslashgan 5 ta mahallada 100 nafar tadbirkor tomonidan uy mehmonxonalari qurish ishlari ham boshlab yuborilgan. Kelgusida viloyatning turizm zanjiri yaratilib, tumanda bir kunda o‘rtacha 5,4 ming nafarga yaqin turistlarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda tuman markazida ham istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Jumladan, tuman markaziga olib boradigan katta yo‘l yoqasidagi 2 gektarlik maydonda loyiha qiymati 70 milliard so‘mlik zamonaviy ko‘rinishdagi 4 qavatli “EKO” bozor kompleksini qurish ishlariga kirishildi. Kelgusida ushbu kompleksda 250 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, ularda 545 nafar hamyurtimiz yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lishadi.
Shu kunlarda tuman hududidan o‘tgan R-100 avtomobil yo‘li chetidagi 2,3 gektar yer maydonida loyiha qiymati 15 milliard so‘mlik zamonaviy meʼmorchilik asosidagi ikki qavatli “Shohbekat” kompleksini barpo etish bo‘yicha ham amaliy qadamlar tashlandi. Mazkur inshoot ishga tushirilgach, 50 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, 300 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Oltinsoyda sanoatda yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etish yuzasidan ham qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Tumandagi 6,5 gektar maydondagi 3 ta sanoat zonasida 23 ta loyihani ishga tushirish orqali 200 nafar aholi bandligini taʼminlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni payta 5,5 gektar maydondagi 2 ta sanoat zonasida qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tadbirkorlar tomonidan xorijdan yangi texnologiyalar keltirilib o‘rnatilmoqda. Kichik sanoat zonasi uchun ajratilgan 1 gektar maydonda kommunikatsiya ishlari davom ettirilmoqda.
Tumanning “Bo‘ston” mahallasi hududidagi bo‘sh binoda kasanachilikni rivojlantirish maqsadida 1,3 milliard so‘mlik asbob-uskunalar xarid qilindi. Binoga yangi transformator o‘rnatilib, 70 nafar xotin-qizning tikuvchilik bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, kasanachilik usulida oq qand ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Oltinsoy tumanidagi tog‘lar tabiiy boyliklarga boy sanaladi. Ayni paytda tumanning “Badihavo” qishlog‘ida 30 million tonna bazalt xomashyosi koni zaxirasi mavjudligi aniqlanib, geologiya qidiruv ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash va konni o‘zlashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Oltinsoyliklar aholi farovonligini taʼminlash maqsadida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishmoqda. Shu kunlarda tumanning tog‘oldi hududlarida, adirliklarda yong‘oq, bodom singari mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, plantatsiyalar barpo etish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, tumanda hayotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalarning barchasi aholi farovonligini hamda bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Surxontongi.uz