Ba’zan shukronamizni unutib qo‘yamiz. Qandaydir sabab va bahonalar ila nolishni o‘zimizga kasb etamiz. Aslida to‘rt muchamiz sog‘ligi eng yaxshi ne’mat ekani haqida xayolimizga ham kelmaydi. Sho‘rchilik Sanjar Soatov ham uy yumushlari, mol-holga qarash joniga tekkanida, “nogironlarga maza, televizor ko‘rib o‘tiradi, bir ish qilmaydi”, deya havasmand bo‘lardi. Afsuski, aytgani oldiga kelib, avtohalokat tufayli oyoqlari ishlamay qoldi. Bir necha yil qo‘ltiqtayoqqa suyanib, oxir-oqibat nogironlik aravachasiga mixlandi…
Hozir esa bir paytlar aytgan gaplariga afsuslanadi. Ammo, shu turishida ham televizor ko‘rib o‘tirishni isamaydi. Odamlarga naf keltirsam, nimadir yumush bilan mashg‘ul bo‘lsam deydi. Qo‘llari ishga yaragani uchun shukr qiladi. 2022-yildan buyon poyabzal taʼmirlash sirlarini o‘rganib, mo‘jazgina ustaxona ochgan. Hozirda yaxshigina hunarmand.
Oramizda sog‘ligidan ayrilib yoki tug‘ma nuqsonlar sabab nogironligi bor odamlar ham bor. Ularning dardi, kechinmasi va tug‘yonlari esa har birimizga o‘rnak, munosib saboq chiqarishimiz uchun yetarli. Ularga rahm-shafqat emas, balki kerakli yo‘l-yo‘riq va yordamni bersangiz, ular, albatta, o‘z yo‘llarini topib ketishadi. Sho‘rchi tuman hokimi va mahalla faollari tomonidan taqdim etilgan aravacha esa Asliddin Jumyev, Sanjar Soatov, Gulnoza Chorshanbiyeva, Rajabali Almanovga quvonch bag‘ishladi. Ularning holatini so‘z bilan ifodalash qiyin. Ammo, ko‘zlarida porlayotgan xursandchilik, samimiyat kerakli xulosani uqishga kifoya. Ularning har birini Sanjar kabi hayotda o‘z tanlagan yo‘llari bor. Arzimagan tuhfa esa ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib, mushkulini oson qilsa, ajab emas.
S.Davlatova