Bugunning yoshlari o‘z iqtidor va imkoniyatlaridan o‘z o‘rnida foydalanib kelayotgani bilan yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Bu, albatta, kelgusi hayotlarida muhim qadamni tashlashda ahamiyat kasb etayotir. Kitob mutolaasiga qiziqish orqali tarixni, adabiyotni, san’atni bilish, o‘rganish va anglash mumkinligini ular o‘zlari misolida ko‘rsatib berishayotir.
Kitobga qiziqtirishning esa yo‘llari ko‘p. Shunchaki, bunda to‘g‘ri yo‘lni tanlay olish lozim. Quruq chorlov va zerikarli va’zxonlik bilan esa natijaga erishish qiyin. Surxondaryo viloyat bolalar kutubxonasi jamoasi esa bu borada katta tajribaga ega. Ular yoshlarni kitobxonlikka jalb etish, mutolaaga qiziqtirishning uddasidan chiqqan. Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan “Navoiy izdoshlari” masofaviy ijodiy tanlovining e’lon qilingani tag zamirida ham ana shunday ma’no mujassam. Bu bilan o‘quvchi-yoshlarning Navoiy dahosini qay darajada bilishlarini aniqlash va shoir ijodiga qiziqish uyg‘otish bo‘ldi deyish mumkin.
Joriy yilning 25-yanvar sanasidan 9-fevraligacha o‘tkazilgan tanlovda 5-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Turgan gapki, 300 ga yaqin ijodiy ish koʻrib chiqildi. Albatta, har bir ijodiy ishni ko‘rib chiqish jarayonida hakamlar hay’atidan xolislik, iqtidor va yondashuvni to‘g‘ri baholay olishlari talab etildi. Sariosiyo tumani 68-maktab 9-sinf o‘quvchisi Parizoda Saydaliyeva ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Boysun tumanidagi 57-maktabning 8-sinf oʻquvchisi Diyora Karimovaning ijodiy yondashuvi alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi va birinchi o‘ringa loyiq topildi. Tanlov tanijalariga ko‘ra g‘oliblar Surxondaryo viloyat bolalar kutubxonasining diplom hamda faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar. Bundan ko‘rinadiki, yoshlar nafaqat kitob o‘qishga qiziqadi, balki adabiyotimiz daholari bo‘lmish ijod ahlini ham yaxshi tanishadi.
S.Allayeva