Ish yoki bir yumush ila ko‘chaga chiqdikmi, shoshadigan oshiyonimiz bu uyimiz, oilamiz davrasidir. Mehr ila boqadigan, yuz-ko‘zi issiq ko‘rinadiganlarning diydori doimo bizni o‘ziga chorlayveradi. Aslida harakatlarimiz, yelib-yugurishlarimiz ham shu oilamiz uchundir. Kam-ko‘stimizni, ro‘zg‘orimizni butlash uchun tinim bilmaymiz. Ba’zida esa oilada tushunmovchiliklar, kattami-kichik muammolar ham yuzaga keladi. Axir, turmushning mushtiga chidagangina hayotning, oilaning qadrini, asl mohiyatni tushunib yetadi.
Mana shunday vaziyatlarda tushunmovchiliklar tinchlikka, xotirjamlikka rahna solsa, muammoning yechimi ajrimdek tuyiladi. Yo‘q, aslida ajrim yechim emas. Ajrim — muammolarning boshlanishi, oilaning tanazzulidir.
Oila muqaddas, uni asrab avaylash, muhabbat mevasi bo‘lmish farzandlarni tirik yetib bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Mana shunday paytda yoshi ulug‘larning nasihati, ibrati, tavsiyalari yordamga kelsa, tushunmovchiliklar tutuni tumandek tarqashi, o‘rtadagi muzlar erishi aniq. O‘zbek xalqi sharqona udum va qarashlar bilan mahallalarda oilalar bilan ishlaydi. Muammo tug‘ildimi, bu bir oilaning shaxsiy qarori deb emas, xalqning, jamiyatning muammosi deya qaraydi va kerakli tushuntirish ishlarini olib boradi. Qarabsizki, suhbatlar jarayonida har ikki tomon murosaga keladi.
Termiz tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Maʼrifat Rasulova va boshqa masʼullar ishtirokida ajrim yoqasidagi oilalar bilan bilan suhbatlashib, ularga yarashish uchun imkon berish maqsadida “Ajrim yechim emas” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat avvalida ularga ajrashgan oilalarning taqdiri haqidagi taʼsirli videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng, har bir oila bilan alohida suhbat o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi. Suhbatlar davomida oila vakillariga tushuntirishlar, oilani saqlab qolish, oilaviy muammolarning yechimi borasida taklif va tavsiyalar berildi. Umid qilamizki, juftliklar ushbu taklif va tavsiyalardan so‘ng kerakli xulosani chiqaradilar va oila atalmish muqaddas dargohni asrab qoladilar.
S.Davlatova