Ozod va obod vatanda yashash baxtini, xotirjamlikni har doim ham his etavermaymiz. Ammo, umrining ma’lum qismini xatolari va qing‘ir ishlari sabab panjara ortida yoki ozodlikni cheklash jazosi bilan mahkumlikda o‘tkazayotgan kimsalar ozodlik qadrini yaxshi bilishadi. Mahkumlikda o‘tgan har lahzasida o‘zlarini so‘roqlaydi, qilgan xatolarini tushunib yetib, afsus va nadomat chekadi. Haqiqatan ham shundaymikan? Ular tuzalish yo‘lini tanlab, o‘zlariga ikkinchi imkonni berisharmikan? Jinoyat ishlari boʻyicha Angor tuman sudi tomonidan oʻtkazilgan sayyor sudda tuman IIO Probatsiya guruhi nazorati ostida boʻlgan shaxslar ikkinchi imkonni so‘rab taqdimnoma kiritdilar. Sud davomida tuman IIB boshligʻining 10 nafar nazorat ostidagi shaxslarning ana shunday taqdimnomalari koʻrib chiqildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Angor tuman sudi tomonidan 9 nafar nazorat ostidagi shaxs shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilindi. Afsuski, ozodlikni cheklash jazosi paytida belgilangan tartiblarga rioya qilmaganligi sababli bir nafar nazorat ostidagi shaxsning murojaati qanoatlantirilmadi, Angor tuman sudi tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Mehr-oqibatli, kechirimli xalqmiz. Adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish esa qon-qonimizga singib ketgan. Ammo, unutmaylik, bunday fazilatlarni mensimaslik, o‘zbilarmonlik qilish o‘sha kimsaning o‘ziga qimmatga tushadi.
H.Baxtiyorova