Yer sayyorasi jamiiki mavjudotlari, foydali unsurlari, ostki va ustki boyliklari bilan birga barchamizniki, har birimizniki. Har kim ham undan erkin foydalanish sharoitiga ega. Ammo, u bilan qay maqsadda va qanday muomalada bo‘lyapmiz? Bizning dunyoqarashimizda yerdan “erkin” foydalanish borasida yetarlicha tushuncha bormikan? Yoki noqonuniy tarzda ushbu yerni egallab, o‘zimiz-u o‘zgalarga zarar yetkazayapmizmikan?..
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 7-sentyabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etilgan edi. Agentlikning asosiy vazifasi sifatida esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan samarali yer nazoratini amalga oshirish belgilangan edi.
Kadastr agentligi boshchiligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida yuqoridagi vazifalar doirasida bajarilgan ishlar yuzasidan tushunchalar berib o‘tildi. Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan joylarda samarali yer va kadastr nazoratini amalga oshirish bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida 2022-yilning 9 oyi davomida jami 1824 holatda 3403 gektar yerda qonun buzilish holatlari aniqlandi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan jami 6 milliard 190 million so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar yuklatildi. 742 ta holatda 243,4 gektar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, 140 ta holatda yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish, 77 ta holatda chegara belgilarini, geodezik punktlarini va cheklov belgilarini yo‘q qilish yoki shikastlantirish, 986 ta holatda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik holatlari aniqlandi. Aniqlanibgina qolmay zarur choralar o‘z vaqtida qo‘llanildi ham. Yuqoridagi raqamlar kichkinagina holat yoki arzimas qonunbuzarlik emas, albatta. Bu kabi vaziyatlar natijasida boshqa birov emas, aynan, o‘zimiz zarar ko‘rishimiz shubhasiz. Soha vakillarining tinimsiz harakati davomida esa muammo ozgina bo‘lsa-da o‘z yechimini topmoqda.
Matbuot anjumanida o‘zgartirish kiritilgan 6 ta kodeks xususida atroflicha ma’lumotlar berildi. Tadbir qiziqarli savol-javoblarga, foydali ma’lumotlarga boy bo‘lib o‘tdi.
D.Otaqulova,
I.Mengliyev
(foto)