Hunari bor xor bo‘lmas. Haqiqatan ham hunar kishini elga tanitadi. Hurmat va e’tiborga sazovor etadi. Ro‘zg‘ori-yu rizqi but, ko‘ngli to‘q bo‘ladi. Ayniqsa, bugungidek qo‘lida hunari bor, jamiyatga naf keltiraman degan borki, eng kerakli inson sifatida qaraladi. Ularning xizmati, mehnati va boy tajribasidan foydalaniladi. Hunarmandlar yaratayotgan boy maktab esa o‘zining davomchilarini yetishtirib chiqarishi bilan ahamiyatli.
Qiziriq tumanidagi “Rabotak” mahallasida yashovchi hunarmand Miraali Rajabov qo‘li gul hunarmand. Qishloq ahli ham u kishini yaxshi taniydi. U yasagan beshik va sandiqlarga buyurtmalar berishib, yaxshi kunlari uchun atab olishadi. To‘rt avloddan meros bo‘lib kelayotgan hunari unga umri bo‘yi yo‘ldosh bo‘lib kelyapti.
Yoshligidan yog‘och yo‘nib, ajib naqshlar tushirishni yoqtirgan Mirzaali boshqa kasbda o‘zini tasavvur eta olmadi. Ota-bobolari ishini davom ettirishga ahd qildi. Shukrki, bu qaroridan kam bo‘lgan emas.
Hunarmandchilik ham bir san’at, bir ijod. Hunarmandning ishini kuzatsangiz, o‘z dunyosida ijodga g‘arq holda butun dunyoni unutganini ko‘rasiz. Ha, chaqaloqlar orom oladigan beshikar, bo‘y qizlarga sep yig‘adigan sandiqlar ana shunday san’at darajasida yaxshi niyat bilan yasaladi. U o‘ymakorlik buyumlari yasashni ham hush ko‘radi. Naqsh tushirish, rang va jilo berish sevimli mashg‘uloti. Buyumlari tayyor bo‘lgan hunarmandning ko‘zlari quvnaydi. Ishidan rag‘bat topib, ishtiyoqi yanada olovlanadi.
M.Rajabov o‘zbek milliy hunarmandchiligini rivojlantirib, milliy qadriyatimizni yosh avlodga o‘rgatishni, shogirdlar yetishtirib chiqarishni istaydi. Bu istakni amalga oshirish uchun biroz qo‘li kaltalik qilgani, imkoniyati yetmagani ta’bini xira qiladi. Muammoga munosib yechim topgan Qiziriq tuman hokimi hunarmandning kredit olishida amaliy yordam berdi.
Natijada usta yana 6 nafar shogird olib, ularni ish bilan ta’minladi. Endi ustaxonaning uyidan yog‘och yo‘nayotgan, taq-taq etib naqshlarning izidan ustara tig‘ini tekkizishni boshlagan ovozlar eshitiladi. Demak, ish qizg‘in kechmoqda. Yaqin muddatlarda yosh hunarmandlar ham o‘z mehnatining ajoyib namunalarini xalqimizga yorug‘ yuz bilan taqdim etadi.
S.Normurodova