Yurtimizda yaxshi an’ana bor. To‘y-hasham, ma’raka o‘tkaziladigan, qolaversa, yaxshimiz maqtalib, yomonimizni insofga chaqiradigan mahalla instituti shakllangan. Mahalla faollari, oqsoqollarining nasihati, ibrati, albatta, ko‘zlangan maqsadga yetkazmay qo‘ymaydi. Mahalla oilani, qo‘ni-qo‘shni, jamiyatni birlashtiradi. Ahillikka chaqiradi. Urf-odatlarimiz, qadriyat-u an’analarimiz qadr topadi. Afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Ana shunday bekamu ko‘st shakllangan institutda ham noqobil farzandlar yetishib chiqadi. Termiz tumanidagi “Bunyodkor” mahallasi hududida sodir etilgan og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati yuzasidan tuman madaniyat uyida jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlarning mas’ullari, tuman imom xatibi, mahalla raislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Fuqaro Ch.R. tomonidan sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlar keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama etildi. Qolaversa, tuman hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmayotganligi aytildi. Bu kabi jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilik va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borish lozimligi haqida fikrlar bildirildi.
Bu boradagi ishlar, haftaning har payshanba kuni o‘tkazilib kelinayotgan profilaktika kuni tadbirlari manzilli olib borilmayotganligi ochiqlandi. Mahallada Prezident tashabbuslari bilan beshtalik guruhlar tashkil etilgan bo‘lsa-da, sodir etilgan jinoyatlar profilaktika inspektorlarining vazifasi qabilida ko‘rilayotganligini, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar, ilgari sudlanganlar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar o‘z natijasini bermayotganligi tanqid ostiga olindi. Kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish lozim. Huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida avvalo, jinoyat sodir etishga moyil, ilgari sudlangan, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, notinch oilalarni aniqlab, ular bilan doimiy ravishda suhbat, tushuntirish ishlari olib borish masalasi o‘rtaga tashlandi. Ishsizlarni ish bilan ta’minlash, nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilayotganligi sezilganda ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, maslahat berish, har bir sodir etilayotgan yoki sodir etilishi mumkin bo‘lgan holatlar bo‘yicha zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni xabardor qilish mahalladagi har bir fuqaroning burchi ekani singdirildi.
Yig‘ilish so‘ngida tuman hududidagi barcha mahallalarda bu kabi jinoyatlarning sodir etilishining oldini olish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilab olinib, e’tibor ijroga qaratildi.
Sohibjamol