Bilim olish insonning asosiy ijtimoiy huquqi va uni ta’minlanishi ijtimoiy davlatning muhim belgisidir.

Date:

Mamlakatimizda fuqarolarga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini va har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash davlatimiz oldida turgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Zero, ta’lim-tarbiyasiz jamiyat va davlatning kelajagini tasavvur etib bo‘lmaydi. Ta’lim olish huquqini ta’minlash, uning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash orqaligina jamiyat va davlat taraqqiyotiga hamda xalq farovonligiga erishish mumkin.

Shu asosda (BMT Bosh Assambleyasining Rezolyutsiya 217 A (III) bilan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan (O‘zbekiston ushbu hujjatni 1991-yil 30-sentyabrda ratifikatsiya qilgan)) Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida “Har bir inson ta’lim olish huquqiga ega. Ta’lim olishda hech bo‘lmaganda boshlang‘ich va umumiy ta’lim tekin bo‘lishi lozim. Boshlang‘ich ta’lim majburiy bo‘lishi kerak. Texnik va hunar ta’limi hammaning qurbi yetadigan darajada bo‘lishi, oliy ta’lim esa har kimning qobiliyatiga asosan hamma uchun yetarli imkoniyat doirasida bo‘lmog‘i kerak” deb belgilangan.

Davlatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab mamlakatimizning kelajagini, davlatimiz va jamiyatimizning ijtimoiy qurilishini belgilashda, birinchi navbatda, Konstitutsiyani ishlab chiqish va tasdiqlashda ta’lim olish haqidagi prinsipial masala doim davlatimiz siyosatining e’tibor markazida bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan kelib chiqqan holda mamlakatimiz Konstitutsiyasida bilim olish huquqi kafolati mustahkamlandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deb belgilandi.

Biroq, ushbu norma umumiy xususiyatga ega bo‘lib, ta’lim olish huquqining mazmun-mohiyatini to‘la ochib bera olmagan. Mazkur normani tahlil qiladigan bo‘lsak, unda faqatgina umumiy ta’lim o‘z ifodasini topgan bo‘lib, maktabgacha ta’lim, xususiy maktablar faoliyati, o‘rta maxsus ta’lim va oliy ta’lim masalalari ochiq qolib ketgan.

Fikrimizcha, O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy davlat sifatida o‘zining bosh qomusida maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim, o‘rta maxsus ta’lim va oliy ta’lim masalalarini konstitutsiyaviy norma sifatida batafsil yortib berishi lozim. Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasini quyidagi tahrirda berish maqsadga muvofiq: “Har bir inson ta’lim olish huquqiga ega. Maktabgacha bir yillik ta’lim, umumiy ta’lim hamma uchun majburiy, teng va bepul bo‘lishi kafolatlanadi. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolalarning umumiy ta’lim olishlarini ta’minlaydilar. Xususiy maktablar ochish huquqi kafolatlanadi. Xususiy maktablar davlat ruxsati bilan ochiladi va qonunlarga to‘liq amal qiladi. Xususiy maktablar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar davlat maktablari uchun belgilangan talablarga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutiladi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir. O‘rta maxsus ta’lim hamma uchun teng va qurbi yetadigan darajada bo‘lishi kerak, oliy ta’lim esa har kimning qobiliyatiga asoslangan holda hamma uchun bir xil bo‘lishi kerak”.

Normaning ushbu mazmunda berilishi nafaqat umumiy ta’limni, balki ta’limning barcha shakllarini aniq va mukammal ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Yuqoridagi mazmundagi qoidalar “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 26-moddasida,  Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1975-yil 16-dekabrda qabul qilingan va 1976-yil 3-yanvardan kuchga kirgan “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktning (O‘zbekiston ushbu hujjatga 1995-yil 28-sentyabrda qo‘shilgan) 13-moddasida, Germaniya (7-modda), Belarus (49-modda) kabi mamlakatlar Konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan.

Murod Choriyev,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Fuqaroviy-huquqiy fanlar kafedrasi boshlig‘i  yu.f.d., prof.

Abdug‘affor Tolipov,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi boshlig‘i  f.f.b.f.d., dots.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

TISU talabalari o‘qishni Turkiyada davom ettiradimi?

Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin deyishganidek, til o‘rganishda ham...

Pilla mavsumiga start berildi

Joriy yil pilla hosili uchun birinchi mavsumga start berildi....

Ijodkor yoshlar bellashdi

Ijodkor, qo‘liga qalam tutib, nasr yoki nazmda ijod qilishni...

Mehmonlar yuksak saviyada kutib olinadi

Joriy yilning 1-7-may kunlari “Boysun bahori” xalqaro festivali bo‘lib...
KunTun
KunTun