Ayollar va yoshlarga e’tibor, ayniqsa, ularni ish bilan ta’minlashga harakat qilish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri. Shu maqsadda, “Yuksalish” umummilliy harakati, Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida “Matbuot uyi” binosida “Ayollar va yoshlar bandligini ta’minlashda fuqarolik jamiyatining roli” mavzusiga bag’ishlangan forum bo’lib o’tdi.
Forumda yurtimizda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan ayollar va yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash, tashkilot xodimlari tomonidan yo’l qo’yilayotgan e’tiborsizlik natijasida turli xil norozichilik holatlariga duch kelish muammolari ko’rib chiqildi. Loyihaning maqsadi sifatida esa, jamiyatda ayollar va yoshlar faolligini oshirish, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ni shakllantirish uchun yoshlar masalalari bo’yicha har bir tumanda hokim o’rinbosarlar, yoshlar ishlari agentligi, xotin-qizlar masalalari bo’yicha har bir mahallada alohida rais o’rinbosarlari tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar natijasini keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etish kabi yo’nalishlar olingan.
Tadbirda yoshlarning bo’sh vaqtini samarali tashkil etish, ularni ishga olish, ayollar bandligini ta’minlash, joylardagi mas’ullar xalqning ichiga kirib borishi lozimligi kabi masalalar ta’kidlanib, ushbu muammolar bo’yicha savol-javob va muhokamalar bo’lib o’tdi. Shu bilan bir qatorda, “Mehnat yarmarkalari”ni tashkil etish, bo’sh ish o’rinlarini to’ldirish bo’yicha masalalari ko’rib chiqildi.
Forumda, shuningdek, ayollar va yoshlarni kasbga tayyorlash yuzasidan nodavlat-notijorat tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida taqdimot hamda videorolik namoyish etildi.
Yurtimizda xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash bugungi zamon islohotlarining asosiy yo’nalishidir. Sababi, ushbu qatlam yurtimiz aholisining qariyb yarmidan ko’pini tashkil etishi bilan bir qatorda asosiy ishchi kuchi hamdir. Shunga ko’ra, xotin-qizlar va yoshlarga ko’mak berish ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash asosidir. Ishonamizki, ushbu sa’y-harakatlar ko’zlanayotgan natijalarni bermasdan qolmaydi.
D.Otaqulova