NAZIP SULAYMONOV 80 YOSHDA

Date:

Vohaning katta avlod vakillari jurnalist Nazip Sulaymonov nomini eshitsa, darrov taniydi. Ha, so‘z kuchi ana shunday qudratga ega. Undan o‘z o‘rnida foydalangan insonni elga tanitadi, e’tibor va hurmatga sazovor qiladi. 60-70 yillar… ommaviy axborot vositalarida yana bir muallif Nazip Sulaymonovning nomi ko‘rina boshladi. Uning muallifligida e’lon qilingan maqolalar, jurnalistik surishtiruvlar tili achchiq, aytilajak so‘z o‘qdek egasiga tegadigan nafasda bitilgani uchun ham e’tibor topdi, tilga tushdi.

Adolat va haqiqatni o‘ziga bayroq bilgan otashnafas jurnalist asli boshqirdistonlik. Taqdirning taqazosini qarangki, Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumaniga uchirma bo‘lgan. O‘zbek bolalari bilan yelkama-yelka ulg‘aygan Nazip maktab ta’limidan so‘ng quruvchi bo‘lib ishlaganida ham, harbiy xizmatni o‘tab yurgan kezlarida ham qo‘lidan kitobni qo‘ygan emas, mutolaaga mehr qo‘yib, o‘zi ham nimalarnidir qoralagani, “Leninskoe znamya” sahifalarida izma-iz chiqqani haqiqat. Ha, uning rizq-u nasibasi ushbu gazetaga ulangan ekan. Vaqti kelib uzoq yillar jurnalistika sohasida qalam tebratib, o‘z nomi va o‘rniga ega jurnalist sifatida shakllandi.

45 yillik umr… mashaqqatli, ammo qizg‘in ijodiy muhitda o‘tgan bu yillar Nazip Sulamonovga eng ajoyib va unutilmas xotiralar taqdim etgan. Bu yillarning har soniyasi bu inson uchun qadrli, hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan qiymatga ega. Bugun bu inson ulug‘ 80 yoshning ostonasida hali tetik va bardam turibdi. Qo‘llaridan qalam tushgan emas. Hali-hamon o‘z o‘quvchilariga ega ekani shogirdlari va izdoshlarining havasini uyg‘otadi.

Nazip Sulaymonovning 80 yoshi munosib nishonlandi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi va “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan yubiley soha ahli uchun unutilmas voqea bo‘ldi.

Kecha sababchisi va u bilan hamqadam, hamnafas faoliyat yuritgan bir guruh ustoz jurnalistlar taklif etildi. Ular bilan kechgan samimiy suhbatda Nazip Sulaymonovning jurnalistik faoliyati haqida fikrlar bildirildi. Ijodiy faoliyat yillari, qiziqarli voqealar eslandi. Bir piyola choy ustida davom etgan suhbat maroqli va esda qolarli bo‘ldi.

Voha jurnalistikasida ana shunday qalami o‘tkir, adolatparvar va halol jurnalistlarning katta maktabi shakllangan ekan, so‘z qadri va kuchi o‘lmaydi.

S.Normurodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun